Foto: Samarqand viloyati IIB

Yuk poyezdi urib yuborgan 11-sinf o‘quvchisi shifoxonada vafot etdi

18-mart kuni soat taxminan 07:53 da Kattaqoʻrgʻon-28 razyezd temir yoʻl bekatlari oraligʻining 3803-kilometr 7-piketida “Qushbegi” mahallasida yashagan, 35-maktabning 11-sinf oʻquvchisini yuk poyezdi urib yuborgan. Bu haqda Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati xabar berdi.

Oʻquvchi temir yoʻlda harakatlanib kelayotgan yuk poyezdini oʻtkazib, keyin yoʻlda davom etish uchun temir yoʻl yonida turgan. U orqadan kelayotgan sinfdoshlarini kutib turganida yon sumkasi yuk poyezdiga tegib, poyezd uni sudrab ketgan.

Natijada oʻquvchi bosh qismidan jarohat olib, tuman markaziy shifoxonasiga yotqizilgan. Olib borilgan tibbiy muolajalarga qaramay, shu kuni vafot etgani aytilmoqda.

Mazkur holat mahalla va taʼlim muassasasida jamoatchilik ishtirokida muhokama etilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Samarqand viloyat IIB yoʻlovchilar va haydovchilarni temir yoʻlda xavfsizlik qoidalariga rioya qilish, diqqat va eʼtiborli boʻlishga chaqirmoqda.

Latest from Blog