Yoshlar uchun ajratilgan uylar hech qanday imtiyozsiz berilmoqda

“Korrespondent.uz” saytiga fuqaro Abdullayeva Madinabonudan murojaat kelib tushdi. Abdullayeva murojaatida 2018-yilda Yoshlar ittifoqi tomonidan beriladigan “Yoshlar uyi”ga hujjat taqdim etib, nomzodlar qatoriga qoʻshilgani, ammo 2 yildan beri uy ololmayotganini keltirib oʻtgan.

“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-sentabrdagi “Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan taʼminlashni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq bizga uy berilishi kerak edi. Men ham uy uchun protokoldan oʻtib, 2018 va 2019-yilda berilishi kerak boʻlgan nomzodlar roʻyxatida bor edim. Bundan tashqari 2019-yilda biriktirilgan uy uchun roʻyxatda 100 tadan ortiq nomzodlar boʻlib, bizning boshlangʻich badal toʻlovi 2020-yilga qolib ketdi. 2 yil kutganimizga yarasha natija biz kutganday boʻlmay, qaytanga vaziyat ogʻirlashdi. Yaʼni, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-avgustdagi qaroriga koʻra, avvalgi nomzodlar uchun boshlangʻich badali hisobiga deb pul alohida koʻrsatilgan. Yoshlar ittifoqi 65/35 shakliga oʻtib olgan. Bunda 25 foiz boshlangʻich badalning 65 foizini Yoshlar ittifoqi, 35 foizini fuqaro to‘laydigan bo‘lgan. Qolgan 75 foizi esa bank orqali ipoteka krideti rasmiylashtiladi. Bu ham yetmagandek, shu paytgacha Prezident qarori asosida 20 yilga foizsiz qarzga berilgan boshlangʻich badalni endi 7 yilga 7 foizdan qilib qoʻyishgan. Kamiga uylarni rasmiylashtirish muddati 1-oktabrgacha qilib belgilangan. Bundan tashqari joriy yilning 1-iyulidan har bir uy narxiga 15 foizdan qo‘shil qiymat solig‘i ham qoʻshilgan. Xullas Yoshlar ittifoqiga ishongan 200 dan oshiq yoshlar qimmat va imtiyozsiz uylarni oʻz yonidan olishga toʻgʻri kelyapti”, deb yozmoqda Abdullayeva Madinabonu murojaatida.
Ushbu murojaatdan soʻng, biz Abdullayevaning eʼtirozlari asosli yoki asosli emasligini bilish uchun Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi Yuridik boʻlimi boshligʻi Inombekov Bekzod bilan bogʻlandik.
“Mazkur yosh oilaga 2019-yilda yuqori qavatdan joy ajratilganda, ular rad javobi berishgan. Hozirda ular uchun uy ajratilgan. Oila Toshkent shahar kengashiga uchrashsa, uyning boshlangʻich badalini toʻlab berishadi. Asosiy muammo Vazirlar Mahkamasining yangi 2020-yil 27-avgustdagi qarori bilan bogʻliq. Unda koʻplab qoidalarga oʻzgartirishlar kiritildi. Yaʼni, vaqtning 20 yildan 7 yilgacha qisqartirilgani va toʻlovga qoʻyilgan yiliga 7 foizlik ustama fuqarolar tomonidan noroziliklarga sabab boʻlmoqda. Lekin, biz bu qaror borasida fikr bildirish huquqiga ega emasmiz, biz faqat ijrochi sifatida oʻz ishimizni bajaramiz”, deydi Inombekov
Surishtiruv natijasida bir muammo kelib chiqdi. Inombekovning taʼkidlashicha, Abdullayeva Madinabonu 2019-yilda ajratilgan uyni (yuqori qavatdan boʻlgani uchun) rad etgan. Lekin fuqaro bu maʼlumotdan kech xabar topganini, hech qanday xat olmaganini aytgan. Ammo, tomonlarning aytishicha asosiy muammo Vazirlar Mahkamasining yangi qarori bilan bogʻliq boʻlmoqda. Mazkur qarorda yoshlar uchun beriladigan hech qanday imtiyoz koʻrinmaydi. Mazkur holatga mas’ul mutasaddilar o‘z munosabatlarini bildiradi degan maqsadda, holatni e’lon qilmoqdamiz.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog