Yoshlar tashkilotiga yosh rahbar boʻlgani yaxshi, ammo fikrlashi kattaroq boʻlsin

“Hurriyat” gazetasining 2020-yil 3-sentabr 30-sonida chop etilgan Abdulaziz Ahmedovning “Alisher Saʼdullayev: “Biz hali 50 tezlikda yuribmiz” intervyusini oʻqiyotib, beixtiyor soʻz yuki haqida oʻyga toladi kishi.

Foto: Darakchi.uz

Soʻz turli harflar jamlanmasidan hosil boʻluvchi birikma. Ammo bu koʻringanidek oddiy emas. Shunday soʻzlar borki, ular tilga olinganda butun kurrai-zaminni titroq bosar ekan. Bir uyum harflardan koʻra bitta soʻzning afzalligi shundaki, uning maʼnosi, uning yuki bor.

Bu suhbatni bir zamonlar xalqqa ziyo ulashuvchi vazirlikda vazir oʻrinbosari boʻlib faoliyat yuritgan, bugun butun boshli agentlikning direktori boʻlgan shaxs va jurnalist oʻrtasidagi intervyuga emas, balki koʻproq maktab oʻquvchilarining oʻzaro muloqotiga oʻxshatish mumkin.

Intervyuda jurnalist taʼkidlagandek, murakkablik nega kerak? “Balandparvoz gaplarni bugun zamon koʻtarmaydi”, deyishingiz ham mumkin. Albatta, bu fikringiz oʻrinli. Aslida ham til kelishmaydigan iboralar – “Mamlakatimiz istiqlolga erishgach…”, “Islohotlarning samarasi oʻlaroq…”, “Muhokama etildi… qaror qilindi…”, “Musaffo osmonimiz…”, kabi shablon (andoza) fikrlarning tilga olinishi yoki yozilishi koʻpchilikka yoqavermaydi. Fikrlarda oddiylik va samimiylik boʻlgani yaxshi, faqat unga bachkanalik aralashmagani maʼqul.

Taʼkidlayotganimiz suhbatdagi jurnalist yigit hali oʻspirindir, tajribasi kamdir, lekin u jurnalist. Jiddiy savol beryapti, javoblar ham shunga munosib boʻlishi kerak har holda.

Misol uchun:

“Abdulaziz Ahmedov: Yashirishga hojat yoʻq, yurtimiz yoshlarining koʻpi xorijga chiqib yashash, ishlash orzusida. Bu qanchalik toʻgʻri? Yosh, salohiyatli kadrlarni oʻzimizda olib qolish uchun loyihalar ishlab chiqish vaqti yetmadimikan?

Alisher Sa`dulleyev: Nimaga ularni xorijga chiqarmasligimiz kerak? Chiqarish kerak! Masalan, siz – salohiyatli kadrsiz, Garvard universiteti jurnalistika boʻyicha olti oylik kurs taklif qilyapti. Oʻqib kelmaysizmi?

Abdulaziz Ahmedov: Men oʻqishga ketayotgan yuzlab, boring minglab yoshlarni emas, yuz minglab ish izlab chiqib ketayotgan yoshlarni ham nazarda tutmoqdaman…

Alisher Saʼdullayev: Ha, endi bu eng ogʻriqli masala. Oldin mehnat muhojirlarini himoya qilishga Yoshlar ittifoqining kuchi yetmas edi. Endi esa kuchimiz ham, imkonimiz ham oshdi. Negaki, davlat organi boʻldik.

Agar endi ham chet elga ish izlab ketib, xoru sarson, qullikka tushib yoki oʻligi qaytayotgan yoshlarning huquqlari muhofaza qilinmasa, muammolari hal etilmasa, bu Yoshlar ishlari agentligining katta xatosi boʻladi.”

Jurnalistning murakkab boʻlmagan “yoshlarining koʻpi xorijga chiqib yashash, ishlash orzusida” ekanligi borasidagi savoliga agentlik direktori tushunmayapti yoki oʻzini atay goʻllikka solib javob bermoqda. Savol ikkinchi qayta berilganda esa, javob juda qoniqarsiz boʻlmoqda. Ochigʻi bunday javobni har kim ham berishi mumkin. Misol uchun koʻchadagi pistachi xolaga shu haqda gap ochib koʻring, u ham taxminan, “ha, bu masala juda ogʻir, yoshlar bilan ishlaydigan tashkilot endi bu masalaga jiddiy qaramasa, uyat boʻladi-da”, deb javob berishi mumkin.

Shu oʻrinda berilgan savolning naqadar jiddiyligi borasida toʻxtalish uchun statistik maʼlumotlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 1991-yildan boshlab, 2016-yilgacha mamlakatni 6 million kishi tark etgan. 2019-yilning olti oyida esa Oʻzbekistondan 6,2 million kishi chet elga ketgan. Ahamiyatli jihati shundaki, 2016-yilgacha bular orasida doimiy yashash uchun chiqib ketganlar sonidan joriy davrgacha doimiy yashash maqsadida chet elga chiqib ketganlar soni koʻpchilikni tashkil qilar ekan. Taʼkidlash joizki, ularning orasidagi yoshlarning ham soni anchagina.

Agentlik boʻlmasidan oldin ham siz ishlagan tashkilot davlat taʼminotida edi, har yili milliardlab pullarni davlat byudjetidan olib yoshlarga biror imkoniyat yaratib berishga sarflanmagan boʻlsa, qayerga sarflandi? Tinmay “Vatan, vatan” deb besamar hayqirib yuradigan yoshlargami, biror rahbar gapini tugatmasidan qarsak chalib boshlaydigan yoshlargami?

“Kamolot”ning kuchi yetmaydi deb Yoshlar ittifoqi tashkil etildi, milliardlab mablagʻ ajratildi, endi Yoshlar ittifoqining kuchi yetmasdi Agentlikning kuchi yetadi degandek gapiryapsiz. Ertaga Agentlikning ham kuchi yetmadi demasligingizga kafolat bormi? Nazarimda bunaqa kafolat berolmaysiz. Siz sabab, bahona emas, yoshlarga imkoniyat qilib berish yoʻllarini oʻylang janob direktor.

Pulni davlat beradi, deyishingiz mumkin. Toʻgʻri, pulni davlat beradi. Lekin oʻsha pul kimniki? Buni bilmasangiz maʼlumot oʻrnida bilib qoʻying. Davlat byudjetining sal kam sakson foizini soliq toʻlovchilardan yaʼni xalqdan yigʻilgan mablagʻlar tashkil etadi. Endi davlatning puli xalqning puli ekanini bildingiz. Biz ham xalqning bir vakili sifatida oʻz pullarimizning nimalarga sarf etilayotganini soʻrashga yuz foiz haqlimiz.

Xoʻp, Yoshlar ishlari agentligi oʻtgan 1 oy mobaynida hali hech ishga ulgurmagan ekan. Agentlik direktori jilla qursa, kelgusi rejalar haqida toʻxtalib oʻtsa boʻlar edi. Yana jurnalistning bir savoliga janob direktor bir javob berganki, odamning beixtiyor kulgisi qistaydi.

“Abdulaziz Ahmedov: Bugun yurtimiz yoshlarining necha foizi sizni “taniydi”, toʻgʻrirogʻi, ular siz rahbarlik qilayotgan Agentlik bilan qay darajada bogʻlangan?

Alisher Saʼdullayev: Bilasizmi, Agentlik sifatida faoliyat boshlaganimizga hali hech qancha vaqt oʻtmasdan, bizga 6 mingga yaqin murojaat kelib tushdi. Eng asosiylari, kredit va uy masalasida. Ular tegishli tartibda oʻrganilyapti. Mana shu raqamlardan ham oʻzinggiz xulosa qilishingiz mumkin.”

Yoshlar tashkiloti direktoriga aytgan boʻlar edikki, siz rahbarlik qilayotgan yangi agentlikdan oldingi ittifoqqa ham undan oldingi “Kamolot”ga juda koʻp yoshlar uy-masalasida murojaat qilardi. Demak uch yil oldin Prezident katta niyatlar bilan tashkil etgan Yoshlar ittifoqi ham yoshlarning qalbiga toʻliq kirib bora olmabdida. Negaki, yoshlar yoshlarning bosh tashkilotini uy masalasini hal qilishdan boshqa vazifa bajarmaydi deb oʻylaydi, shu sabab boshqa masalalarda murojaat ham qilmaydi, tinchgina ustachiligini qiladi yoki biror xorijiy davlatga ishlashga ketish taraddudini koʻradi.
Jurnalistning “Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari boʻlganingizda, chet tilini bilardingiz… Xorijga ketib, dunyo kezishingiz, biznesingizni rivojlantirishingiz mumkin edi…” degan savoliga A. Saʼdullayev “Agar oʻshanda vazir oʻrinbosari boʻlmaganimda, chiqib ketardim ham”- deb javob bermoqda. Kechirasiz-u, moddiy manfaat yoki berilgan amal uchun bugun Oʻzbekistonda boʻlsangiz, ertaga chet eldan bundan yaxshiroq taklif boʻlib qolsa, unda nima qilasiz?

Yoshlar ishlari agentligi direktori boʻlgan odam yoshlarga shunday ibrat koʻrsatadimi? Demak hamma yoshlar chet tillarini oʻrganib chet elga ketgani maʼqulmi? Unda Oʻzbekistonda kim qoladi? U yerdagi sharoitni koʻrgandan soʻng, kimning qaytgisi keladi? Tayyoriga ayyor boʻlib yashash hammaga ham yoqadi.

Nega boshiga musibat tushganda yaponlar chet elga qochib ketishmadi? Aksincha choʻntagidagi oxirgi chaqasigacha chiqarib farzandining taʼlim olishi uchun sarflashdi. Mana bugungi Yaponiyaning qay darajada taraqqiy etganini koʻrib turibsiz. BMT mutaxassislarining tadqiqotlariga koʻra, Yaponiyalik bolalar jahon miqyosida hisob-kitob va savodxonlik borasida boshqa davlatlarning farzandlariga nisbatan ancha kuchli ekan.

Chet elda yashasam ham Vatanimni yaxshi koʻraman deyishingiz mumkin. Bunga eʼtiroz yoʻq, ammo qaysi davlat chet eldan turib bunyod etilganini koʻrgansiz!?

Eʼtiborimizni tortgan intervyudagi yana bir jihat bosma matbuot haqidagi A. Saʼdullayevning fikrlari boʻldi.

Xalqimizda “oʻnta boʻlsa oʻrni boshqa”, degan naql bor. Buning maʼnosi shuki, birining oʻrnini boshqasi bosa olmaydi. “…koʻzga koʻrinarli muammoni koʻtarib chiqmadi, tilga tushmadi”, deb, bir asrlik gazetadan voz kechish qoʻpol qilib aytganda kaltabinlik emasmi? Axir “burgaga achchiq qilib, koʻrpani yoqib”, boʻlmaydi. Uning oʻrniga muassis sifatida muammodan chiqish yoʻlini qidirish, lozim boʻlsa, tahririyat jamoasini oʻzgartirish kerak edi.

Gazeta va jurnallarni oʻqishga boʻlgan ehtiyoj bir muncha sustlashgani bor gap. Ammo bu matbuotni butunlay yoʻqotish kerak degani emas.

Gazetani nima uchun oʻqiymiz? Telegramdagi yangilikdan gazeta-jurnal haroratini topa olmaganimiz kabi, har ne boʻlganda ham elektron manbalardan gazetadan olganchalik qoniqish topa olmaymiz. Boisi, bosma nashrlar ishonchli, xolis va eng muhimi kerakli manbani istalgancha saqlashi mumkin.

Kishi oʻyga toladi, saviyasiz fikrlar, xatolarga gʻij-gʻij matnlar, sayoz intervyular qayerdan paydo boʻlmoqda? Matbuot tilining koʻz oʻngimizda kundan-kunga qashshoqlashib borishiga nima sabab boʻlmoqda? Muammoning asl ildizi ham shundaki, yoshlar har xil telegramm kanallar, guruhlardan ortib gazeta, jurnal va kitobni oʻqimay qoʻydi.

Soʻnggi soʻz oʻrnida, bir fikr keladi odamga, yoshlar tashkiloti boʻlgani yaxshi, unga yosh kadr rahbar boʻlgani ham yaxshi, ammo oʻsha rahbarning fikrlashi ham yoshgina boʻlmagani yaxshi ekan.

Furqat Alimardon, Korrespondent.uz

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog