Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati faoliyati qayta ko‘rib chiqiladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-iyul kuni Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari zimmasiga yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi yangi vazifalarni yukladi.

Hujjatda yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlarining respublika, o‘rta va quyi bo‘linmalari faoliyatini tashkil etishning yangi tartiblarini belgilash ko‘zda tutilgan bo‘lib, ularning asosiy vazifa va funksiyalari, rahbarlar va xodimlarning ajratilgan xizmat uchastkasida yuklatilgan vazifalarni bajarishda shaxsiy javobgarligini aniq qilib belgilash va chegaralash ko‘zda tutilgan.

Yo‘l harakati qoidalari buzilishi profilaktikasi, yo‘l-transport hodisalari va yo‘llarning tirbandligidan ogohlantirish tizimi takomillashtirilishi lozim. Bunda ayniqsa Toshkentda hodisalar va yo‘l tirbandliklarini keltirib chiqaruvchi sabablar va sharoitlarni tizimli ravishda kompleks tahlil qilish va bartaraf etish asos qilib olinadi.

Yo‘l harakatini nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi, videokuzatuv va yo‘l harakati qoidalarining buzilishini qayd etishni kengaytirish belgilangan. Ayniqsa viloyatlar markazlarida qoidabuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va oldini olish, nazoratning yuqori samaradorligini ta’minlashga alohida urg‘u berilgan.

Yo‘llarning saqlanishi va ularning yo‘l belgilari, axborot ko‘rsatkichlari va yo‘l harakatini nazorat qilishning boshqa texnik vositalari bilan jihozlash bo‘yicha talablarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlash rejalashtirilgan.

Aholi o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlarining samarali tizimini rivojlantirish, yo‘l harakati ishtirokchilarining qoidalarga rioya qilish madaniyatini oshirish ko‘zda tutilgan.

Yana bir yo‘nalish — xizmat vazifasini bajarishda yo‘l harakati ishtirokchilari huquqlari, ularning obro‘si va qadr-qiymatini hurmat qilish, muloqot madaniyati va odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya qilinishini ta’minlash belgilangan.

Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining xizmat majburiyatlarini bajarishida korruptsiya va xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilinishi ustidan nazorat kuchaytiriladi, kadrlarni tanlash, ularni kasbiy tayyorgarlikdan o‘tkazish va qayta tayyorlashda ta’sirli mexanizmlar joriy etiladi.

Nihoyat, davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini soddalashtirish va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishda shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash rejalashtirilgan.

Asosiy vazifasi yo‘l belgilari, axborot ko‘rsatkichlari va yo‘l harakatini nazorat qilishning boshqa texnik vositalarini standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlar talablariga asosan ishlab chiqarishdan iborat bo‘lgan «Uzavtoyo‘lbelgi» davlat unitar korxonasini tashkil etish tasdiqlandi.

Yo‘l belgilarini inventarizatsiya qilish va zamonaviy, yuqori samaradorlikka ega (yorug‘lik qaytaruvchi) qoplamalilari bilan bosqichma-bosqich almashtirish, shuningdek foydalanish muddati uzoq bo‘lgan chidamli yo‘l chiziqlarini chizish uchun maxsus texnika va uskunalarni xarid qilish rejalashtirilgan.

Uch oy muddat ichida yo‘l harakati sohasida standartlashtirish bo‘yicha yangilangan normativ hujjatlar tasdiqlanadi. Bunda xalqaro va davlat ahamiyatiga molik avtomobil yo‘llari uchun metall korpus va yuqori samaradorlikka ega qoplamali yo‘l belgilarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Ularning hajmi 900 mm (boshqa yo‘llarda — 700 mm) bo‘lib, konstruktsiyalarga mustahkamlanadi.

Mamlakatda Toshkent, Nukus va viloyatlar markazlarida kompyuterlashtirilgan tizimlarni kengaytirish yo‘li bilan yo‘l harakati xavfsizligini boshqarishning yagona markazlashgan axborot-kompyuter tizimi yaratiladi.

Yo‘l-patrul xizmatlarining statsionar postlarini optimallashtirish va ularni bosqichma-bosqich rekonstruktsiya, modernizatsiya qilish va moddiy-texnik ta’minlash orqali avtomobillar harakati ustidan samarali nazoratni ta’minlash, qoidabuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va oldini olish ko‘zda tutilgan.

Yo‘l-patrul xizmatlarini avtomobil texnikalari va maxsus uskunalari bilan uzluksiz ta’minlash uchun har yili 55 ta avtotransport vositasi, 600 ta jezl, 500 ta radiostantsiya va boshqa vositalar xarid qilinadi.

Sinov tariqasida Toshkent, Samarqand va Xorazm viloyatlarida mototsikldagi yo‘l-patrul xizmatlari guruhlari tashkil etiladi. Ularning zimmasiga yo‘llarning borish qiyin bo‘lgan qismlari, odamlar ko‘p to‘planadigan joylarda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, shuningdek xorijiy va boshqa delegatsiyalarni kuzatib borish yuklatiladi.

2018—2019-o‘quv yilidan boshlab Ichki ishlar Akademiyasi ta’lim jarayonida «Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha faoliyat» mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash joriy etiladi.

Yo‘l-patrul xizmatlari avtotransport vositalari bosqichma-bosqich audio va video qayd etish vositalari bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Bunda YPX xodimlari mobil videokameralar bilan ta’minlanadi.

2018-yil 1-yanvardan yo‘l harakati sohasidagi ma’muriy qoidabuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni rasmiylashtirish va ko‘rib chiqish jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha elektron tizim joriy etilishi lozim. Bunda notarial harakatlar, avtotransport vositalarining texnik ko‘rikdan o‘tishi ustidan nazorat, shuningdek yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalari tomonidan davlat xizmatlarining ko‘rsatilishi hisobga olinadi.

Qo‘shimcha ravishda avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, o‘quv jarayoni samaradorligini oshirish va zamonaviy ta’lim usullarini joriy etish rejalashtirilgan.

Latest from Blog

Microsoft Xitoyda LinkedInni yopadi

Microsoft kompaniyasi LinkedInʼning Xitoy foydalanuvchilari uchun 2014-yilda ishga tushirilgan mahalliy versiyasini yopayotganini eʼlon qildi. Kompaniya olimlar