Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik haqida SMS orqali bildirishnoma olish imkoniyati tug‘ildi


O‘zbekiston IIV Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Toshkent yo‘llarida avtomatik qayd etish kameralari aniqlagan qoidabuzarliklar uchun jarimalar mavjudligini tekshirishga qaratilgan saytni ishga tushirdi. Bu haqda “Daryo.uz” xabar bermoqda.

Saytda ro‘yxatdan o‘tish uchun mobil telefon raqamini ko‘rsatish (hozircha faqat UMS abonentlari uchun ishlaydi) hamda SMS-xabarnomada kelgan kodni kiritib, parol o‘ylab topish lozim.

Shaxsiy kabinetda ikkitagacha avtomobilni ko‘rsatib, ularning jarimalarini kuzatib borish mumkin. Buning uchun mashinaning davlat raqami va texpasport raqami zarur.

Agar jarimalar bo‘lsa, kabinetda jarima solinishi haqidagi qaror raqami, qoidabuzarlik sanasi va joyi, qoidabuzarlik turi, jarima summasi, qoidabuzarlikning maqomi va uning yopilish sanasi (jarima to‘langanidan so‘ng) ko‘rsatiladi. Qaror nusxasini ko‘chirib olish mumkin.

Servis IIV va uning bo‘linmalari uchun qator avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini joriy qilgan Technologies ASBT kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Ushbu kompaniya muqaddam Oberthur Technologies va Thales bilan hamkorlikda O‘zbekistonda biometrik pasportlar joriy etilishida ishtirok etgandi.

Shuningdek, UMS abonentlari jarimalarni 8860 qisqa raqamiga “{avtomobil davlat raqami} probel {texpasport seriyasi va raqami}” ko‘rinishidagi SMS-xabar (masalan: 01R999XY AAC5447770) SMS xabar yuborib ham tekshirishi mumkin. Har bir kirish SMS xabarining narxi — 5 sent.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog