Foto: Xs.uz

Yevropa ittifoqi oʻz ichidagi 27 mamlakat boʻylab sayohat qilishga ruxsat berdi

///

Yevropa Ittifoqi davlatlarida yashovchilar karantin va boshqa cheklovlardan xavotir olmay, 27 mamlakatda yoz taʼtilini oʻtkazishlari mumkin. Buning uchun YI ichida COVID-sertifikatlar joriy etiladi.

Yevropalik deputatlar bunga oid qarorni Yevroparlamentning 20-maydagi sessiyasida qabul qildilar. Qarorga muvofiq, YIga kiruvchi 27 mamlakat fuqarolariga raqamli ruxsatnoma beriladi, hujjatda uning emlangan-emlanmaganiga oid maʼlumot, COVID-19 testi natijalari yoki koronavirus infeksiyasidan davolanganligiga oid maʼlumot aks etadi.

Avvalroq Yevropa Ittifoqi oʻz ichidagi mamlakatlar fuqarolariga yozgi turistik mavsumda sayohat qilishni osonlashtirish uchun shu yil iyun oyida COVID-sertifikatlar joriy etishga umid qilayotgani xabar qilingan edi.

Bu kabi sertifikatni joriy qilish taklifi iqtisodiyoti turizm sohasi bilan chambarchas bogʻliq mamlakatlar tomonidan olgʻa surilgan.

YI rasmiylari hech kimni sertifikat olishga majburlash niyatida emasliklarini bildirgan. U emlov pasporti yoki boshqa diskriminatsion hujjat oʻlaroq koʻrilishi mumkin emasligi urgʻulanmoqda.

Emlov kampaniyasi koʻlami kengayib borishi va COVID-19 ga chalinish surʼati pasayib borayotgan barobarida YIdagi koʻp mamlakat mahalliy iqtisodiyotni jonlantirish umidida yozgi turistik mavsum arafasida cheklovlarni yumshata boshlamoqda.

Latest from Blog