/

Yevroittifoq va AQSh Navalniy ishi yuzasidan Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi

Foto: BusinessLIVE

Yevroittifoq va AQSh siyosatchi Aleksey Navalniy bilan bog‘liq vaziyat tufayli rossiyalik amaldorlarga qarshi sanksiyalar kiritdi, deb yozadi Meduza.

Yevroittifoq sanksiyalari haqida dastlab Germaniyaning DPA agentligi xabar berdi. Keyinroq Yevroittifoq rasmiy jurnalida ham bu haqda xabar e’lon qilindi.

Rossiya bosh prokurori Igor Krasnov, Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin, Rosgvardiya rahbari Viktor Zolotov va Jazolarni ijro etish federal xizmati direktori Aleksandr Kalashnikov sanksiyalar ta’siriga uchradi. Ularning Yevroittifoqqa kirishi taqiqlanadi, shuningdek, ularning Yevroittifoq hududidagi aktivlari muzlatib qo‘yiladi.

AQSh ham Navalniyning ta’qib etilishi tufayli sanksiyalar haqida e’lon qildi. Sanksiyalar, xususan, Rossiya prezidenti ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko, Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov, mudofaa vaziri o‘rinbosarlari Aleksey Krivoruchko va Pavel Popov, Jazolarni ijro etish federal xizmati rahbari Aleksandr Kalashnikov, bosh prokuror Igor Krasnov va Kremlning ichki siyosat bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i Andrey Yaringa nisbatan joriy qilindi. Shuningdek, Rossiyaning uchta ilmiy-tadqiqot instituti ham sanksiyalarga uchradi. AQSh hukumati Federal xavfsizlik xizmatini Navalniyning zaharlanishiga aloqador deb hisoblashini ma’lum qildi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Yevroittifoq va AQShning yangi sanksiyalarini “Rossiyaga qarshi dushmanlarcha hamla” deb atadi.

“Sanksiyalar kiritish uchun Navalniyning go‘yoki “jangovar kimyoviy moddalar” bilan “zaharlanishi” bilan bog‘liq ataylab uyushtirilgan provokatsiya bahona qilinganida bema’nilik tantana qiladi. Bularning barchasi — shunchaki bizning ichki ishlarimizga aralashuvni davom ettirish uchun bahona, xolos. Bunga ko‘nmoqchi emasmiz. O‘zarolik tamoyilidan kelib chiqib, javob qaytaramiz, javobimiz simmetrik bo‘lishi shart emas”, — deyiladi Rossiya TIV xabarida.

Muassasa AQShning bunday xatti-harakatlari Vashington tomonidan “to‘liq muzlash nuqtasigacha olib borilgan ikki tomonlama aloqalarni yanada bema’nilashtirish”ga hissa qo‘shishini ta’kidladi.

“Rossiyaga sanksiyalar kiritish yoki bosim o‘tkazishning boshqa yo‘llari orqali nimalarnidir yuklash avval ham muvaffaqiyatsiz kechgan, endi ham shunday bo‘ladi. Agar AQSh oqilona asosda teng huquqli muloqotga tayyor bo‘lmasa, bu ularning tanlovi. Amerikaning “sanksiyalarga ishqibozligi”dan qat’i nazar, har qanday tajovuzga qarshilik ko‘rsatgan holda, milliy manfaatlarimizni qat’iy himoya qilishda davom etamiz. Hamkasblarimizni olov bilan o‘ynashmaslikka chaqiramiz”, — deyiladi xabarda.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog