//

“Yeralash” asoschisi Boris Grachevskiy koronavirusdan vafot etdi

Foto: TASS

“Yeralash” bolalar hajviy kinojurnalining asoschisi va badiiy rahbari Boris Grachevskiy 72 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. U avvalroq koronavirus asoratlari bilan shifoxonaga yotqizilgandi. Grachevskiyning o‘limi haqida uning rafiqasi Yekaterina Belotserkovskaya ma’lum qildi.

Grachevskiyda koronavirus 21 dekabrda aniqlangan. U 6 kun uyda davolangandan keyin shifoxonaga yotqizilgan va u yerda jonlantirish bo‘limiga o‘tkazilgan. 9 yanvarda rejissyor o‘pkani sun’iy shamollatish qurilmasiga ulangani va sun’iy komaga tushirilgani ma’lum qilingan.

11 yanvarda esa Grachevskiy hushiga kelib, shifokorlar bilan imo-ishora yordamida gaplashgan. Biroq ko‘p o‘tmay uning ahvoli yana yomonlashib, u takror komaga tushirilgan.

Grachevskiy 1949 yilda Moskvada tug‘ilgan. Butunittifoq kinematografiya davlat institutini tamomlagan. M. Gorkiy nomidagi bolalar va o‘smirlar filmlari markaziy kinostudiyasida katta ma’mur bo‘lib ishlagan. 1974 yilda esa dramaturg Aleksandr Xmelik bilan birga “Yeralash” kinojurnaliga asos solgan. 1974-1984 yillar davomida u kinojurnalga rahbarlik qilgan, 1984 yildan esa badiiy rahbari sifatida faoliyat yuritgan.

Marhum ijodkor, shuningdek, bir nechta filmlarga rejissyorlik qilgan.

Grachevskiy Rossiyada xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi unvoni va bir nechta ordenlar hamda davlat mukofotlari sohibi bo‘lgan.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog