Yer yuzida oʻzbek tilida soʻzlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etadi — senatorlar muhim qonunni maʼqullashdi

“Oʻzbekiston Respublikasining Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda

Senatning oʻn oltinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat tili toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Hozirgi vaqtda yer yuzida oʻzbek tilida soʻzlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etishi uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.

Ayni vaqtda yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning madaniyati va urf-odatlarini, xususan, ularning ona tillarini rivojlantirish uchun ham zarur sharoitlar yaratilmoqda. Turli hududlarda tashkil etilgan 140 ga yaqin milliy madaniyat markazlari ana shu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Koʻplab taʼlim-tarbiya maskanlari, ommaviy axborot vositalari oʻzbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman tillarida faoliyat koʻrsatmoqda. Yaʼni davlatimiz barcha millatlar tili va madaniyati rivojlanishiga yetarlicha sharoit yaratgan.

“Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Farmoni hamda Senat Kengashining “Davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Toshkent shahrida ijro etilishini oʻrganish natijalari toʻgʻrisida”gi qarori asosida ishlab chiqilgan.

“Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy oʻrni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda, Prezident Farmoni bilan 21-oktyabr sanasi yurtimizda Oʻzbek tili bayrami kuni sifatida belgilandi. Bu bayram haqidagi norma yangi Qonunda ham oʻz ifodasini topgan.

Shuningdek, Qonunda amaldagisida mavjud boʻlmagan koʻpgina meʼyorlar belgilanmoqda. Xususan, amaldagi “Davlat tili haqida”gi Qonunda mazkur qonunning amalga oshirilishini taʼminlaydigan, bu sohada yagona davlat siyosatini olib boruvchi maxsus davlat organi va uning huquqiy maqomi bilan bogʻliq masalalar umuman ochib berilmagan.

Bundan tashqari, davlat xizmatchilariga nisbatan davlat tilini bilishga oid talablarning belgilanmaganligi ham ushbu Qonunning amalda ishlamasligiga olib kelmoqda.

Shundan kelib chiqib, huquqiy sohada hamda milliy qonunchilikda amalga oshirilayotgan islohotlarni toʻliq aks ettirish va “Davlat tili haqida”gi Qonunning toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishini taʼminlash maqsadida u yangi tahrirda ishlab chiqildi.

Unda Qonunning maqsadi va qoʻllanish sohasi, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili, Oʻzbekiston Respublikasida boshqa tillarning maqomi, til boʻyicha kamsitishga yoʻl qoʻyilmaslik, davlat tilini rivojlantirishdagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, Vazirlar Mahkamasining davlat tilini rivojlantirish boʻyicha vakolatlari, davlat organlari va tashkilotlarining davlat tilini rivojlantirish sohasidagi vakolatlari, davlat tilini rivojlantirish va davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazorati kabi yangi normalar mavjud.

Mazkur Qonunda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida davlat tilining qoʻllanilishi, ish yuritish tili, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarda davlat tilining qoʻllanilishi, normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar, shuningdek, ularning loyihalarida foydalaniladigan til, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida ishlatiladigan til, sud ishlari yuritiladigan til, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, fuqaroning shaxsini va huquqlarini tasdiqlashda qoʻllaniladigan til masalalari ham batafsil belgilangan.

Qonun qabul qilinishi davlat tilining ijtimoiy hayotning barcha sohalarida qoʻllanilishiga, uning rivojlanishi va ommalashuviga katta turtki beradi. Jumladan, davlat tilini rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining davlat tilini rivojlantirish sohasidagi vakolatlari Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni darajasida belgilanishi barcha sohalarda oʻzbek tilining adabiy til meʼyorlari asosida ifoda etilishiga xizmat qiladi. Oʻzbek tili bilan bogʻliq tarixiy-maʼnaviy merosimizni asrab, kelgusi avlodlarga yetkazilishini taʼminlaydi.

Senatorlar davlatimiz rahbarining har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim, degan fikrlarini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Latest from Blog