Yengilmas boksi Qudratillo Abduqahhorov yana nokaut bilan g‘alaba qozondi


Singapurdagi “OCBC Arena” sport majmuasida tashkil etilgan professional boks kechasida yengilmas nokautchi – Qudratillo Abduqahhorov (10-0-0, 7 KO) faoliyatlaridagi eng muhim uchrashuvda zimbabvelik Afrika chempioni Charlz Manyuchiga qarshi ringga ko‘tarildi.

12 raundlik jangda Qudratillo Abduqahhorov Charlz Manyuchi (20-2-1, 12 KO) egallab turgan WBC Silver – kumush kamariga da’vogarlik qildi.

O‘zbek bokschisining bu galgi raqibi haqiqatan juda kuchli edi. Manyuchi o‘ta tezkor, chidamli va kuchli zarbaga ega bokschi sifatida tanilganidan tashqari, ringda ayyorligi va yashirincha taqiqlangan zarbalarni amalga oshirishi bilan nom chiqargan.

Biroq, uning bu ustunliklari Qudratilloga qarshi jangda ish bermadi. O‘zbek yigiti 12 raundlik jangning birinchi raund uchinchi daqiqasi o‘tib borayotgan bir pallada kuchli zarbalari bilan Charlz Manyuchini yer tishlatdi. Zimbabvelik bokschi faoliyati davomida ilk marotaba nokaut bo‘ldi.

Qudratillo raqibiga tegishli bo‘lgan WBC Silver – kumush kamarini o‘ziniki qildi.

Bu g‘alabamni menga ishongan va qo‘llab-quvvatlab turgan ota-onam, ustozlarim va muxlislarimga bag‘ishlayman, – dedi Qudratillo Abduqahhorov. – Nasib qilsa, keyingi janglarimda ham o‘zbekistonlik boks ishqibozlarini o‘z g‘alabam bilan xursand qilaman. Hammaga rahmat!

Qudratillo Abduqahhorov professional ringda ketma-ket o‘n birinchi g‘alabasini nishonladi. Faoliyati davomida qo‘lga kiritgan O‘zbekiston chempionligi, WBF International – xalqaro chempionlik va WBC Asian Boxing Council Silver – Osiyo chempionligi kumush kamarlari qatoriga yana bir nufuzli sovrin WBC Silver – kumush kamarini qo‘shib qo‘ydi.

Latest from Blog