Foto: MARCA

Yaponiya rasmiylari 2021-yilda ham Tokio Olimpiadasi bekor qilinishini istisno qilmadi

Yaponiya hukumati 2021-yil yozida Tokioda boʻlib oʻtadigan Olimpiya oʻyinlarini bekor qilish imkoniyatini tan oldi. Bu haqda hukmron Liberal-demokratik partiyaning bosh kotibi Toshixiro Nikai maʼlum qildi, deb xabar bermoqda Reuters.

Unga koʻra, agar koronavirus bilan bogʻliq vaziyat yomonlashsa va COVID-19 bilan kasallanganlar sonining koʻpayishi davom etsa va Olimpiya oʻyinlarini oʻtkazish juda qiyin boʻlsa, musobaqani bekor qilish varianti mumkin boʻladi.

Emlash uchun masʼul vazir Taro Kononing Asahi telekanaliga aytishicha, Tokio Yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari tomoshabinlarsiz toʻliq oʻtkazilishi mumkin. Avvalroq tashkilotchilar musobaqani chet ellik muxlislarsiz oʻtkazishga qaror qilishgan.

Tokioda yozgi Olimpiada oʻyinlari oʻtgan yili oʻtkazilishi kerak edi, ammo koronavirus pandemiyasi tufayli oʻyinlar 2021-yil iyulga qoldirildi.

Yanvar oyida The Times Yaponiya hukumatidagi manbasiga asoslanib, Yaponiya rasmiylari pandemiya sababli 2021-yilda Tokio Olimpiadasini bekor qilishga qaror qilgani haqida xabar tarqatdi.

Biroq, Yaponiya hukumati The Times gazetasi ushbu maʼlumotni qatʼiyan rad etib, uning toʻgʻri emasligini taʼkidladi. Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi (XOQ) rahbari Tomas Baxning taʼkidlashicha, tashkilot Tokiodagi Olimpiya oʻyinlarini bekor qilish niyatida emas.

Kyodo agentligi tomonidan aprel oyida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, soʻrovda qatnashgan yaponlarning 72 foizi pandemiya sababli Tokio Olimpiadasi bekor qilinishi yoki qoldirilishini istashmoqda.

Latest from Blog