Yangiqo‘rg‘on hokimligi binosiga qo‘ylarni haydab borgan fuqaroga jarima va 10 kunga qamoq jazosi qo‘llanildi

15-iyun kuni Namangan viloyatining Yangiqoʻrgʻon tumanida mahalliy tadbirkorga tegishli qoʻylar podasi tuman hokimligi binosi tomonga haydalgani haqida xabar berilgan edi.

18-iyun kuni hokimlik binosiga qoʻylarni yetalab kelgan fuqaroga nisbatan sud hukmi oʻqildi. Bu haqda Namangan viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ayblanuvchi MJtKning 54-moddasi 1-qismi (Karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz boʻlish), 104-moddasi 1-qismi (Chorva mollar yoki parrandalarning xoʻjalik ekinzorlarini payhon qilishi, qishloq xoʻjalik ekinlarining dalada toʻplab qoʻyilgan hosiliga zarar yetkazishi yoki uni yoʻq qilib yuborishi, koʻchatlarga shikast yetkazishi), 161-moddasi (Shaharlarni va boshqa aholi punktlarini obodonlashtirish qoidalarini buzish), 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasining 1-qismida (Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy talablarini bajarmaslik) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topildi.

Unga MJtKning 54 moddasi 1-qismi bilan yaʼni bazaviy hisoblashning 5 baravari miqdoridagi (1 mln 225 ming soʻm) jarima jazosi, MJtKning 104-moddasining 1-qismi va 161-moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari (735 ming soʻm) miqdoridagi jarima jazosi, MJtKning 183-moddasi bilan 10 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi. Shuningdek, unga nisbatan MJtKning 194-moddasining 1-qismi bilan bazaviy hisoblashning 1 baravari (225 ming soʻm) miqdoridagi jarima jazosi tayinlandi.

Fikr bildirish

Latest from Blog