Yangi tugʻilgan chaqaloq vaznining ogʻir boʻlishi sogʻlomlik belgisimi?

Yurtimizda hanuzgacha koʻpchilik onalar orasida reproduktiv salomatlik borasida yetarlicha tushuncha yoʻqligi taʼkidlab kelinmoqda. Ushbu mavzu bilan bogʻliq bir qancha savollarga Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining Umumiy amaliyot shifokorlari malakasini oshirish kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor Margʻuba Rasulova javob berdi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar qildi.

Onalik va bolalik bilan bogʻliq asosiy muammolar reproduktiv salomatlikka amal qilmaslik natijasida kelib chiqmoqda. Reproduktiv salomatlik oʻzi nima, ayni paytda unga rioya qilish aholi orasida qay darajada?

“Reproduktiv salomatlik bu — reproduktiv tizimdagi kasalliklarni (bepushtlik, turli nuqsonlar, rak va rak oldi kasalliklari) bartaraf etib, sogʻlom bola tugʻilishiga er-xotin juftliklarini tayyorlabgina qolmay, balki tugʻilgan zurriyotni jismonan baquvvat, aqlan zukko, ijtimoiy barkamol avlod etib tarbiyalashga zamin yaratishdir. Reproduktiv salomatlikka rioya qilmaslikka bir necha omillarga sabab boʻlishi mumkin. Bular:

er-xotinlarda surunkali noinfeksion va ginekologik kasalliklarning mavjudligi;

tugʻruqlar orasidagi 3-3,5 yillik oraliq saqlanmasligi;

20 yoshga yetmay yoki 35 yoshdan oshib farzand koʻrish;

qarindosh-urugʻlar oʻrtasidagi nikoh;

kam taʼminlangan, nochor oilalardagi yetishmovchiliklar;

notinch, janjalli oilalardagi salbiy muhit.

Reproduktiv salomatlikni yaxshilash uchun yuqorida sanalgan xavf omillarini kamaytirish, reproduktiv huquq — yaʼni, er-xotinlarni bolalar soni, ular tugʻilishidagi oraliq, ularning tugʻilish vaqti, zamonaviy kontratsepsiya vositalaridan foydalanish, bolani koʻkrak suti bilan boqishga eʼtibor berish va buning uchun shart boʻlgan maʼlumot va vositalarga ega boʻlish borasida asosiy huquqlarini xabardor boʻlish kerak”, deydi Margʻuba Rasulova.

Onalarda tibbiy madaniyatning yuksak boʻlishi uchun nimalarga eʼtibor berish kerak?

“Har bir onaning tibbiy madaniyati yuqori boʻlishi kerak. Chunki sogʻlom farzandni dunyoga keltirish, sogʻlom oilani shakllantirish masalalari reproduktiv salomatlik bilan uzviy bogʻliq. Tibbiy madaniyati yuqori boʻlgan onaning farzandi ham har doim sogʻlom boʻladi. Bunday onalar bolasini emlash kalendari boʻyicha oilaviy poliklinikaga olib borib, oʻz vaqtida emlatadi va yuqumli kasalliklardan saqlaydi. Bolani yoshligidan shaxsiy gigiyena qoidalariga oʻrgatib, gijja kasalliklaridan asraydi. Bolaga tish yuvish madaniyati, ovqatlanish va shaxsiy gigiyenani saqlashni oʻrgatib boradi. Bolaga bor eʼtiborini qaratib, ertaklar aytib, oʻyinchoqlar oʻynatib, kitob oʻqib, rasm chizdirib), uni intellektini rivojlantiradi. Ona kasalmand boʻlgach, bolani boqishga, uni tarbiyalashga kuchi ham, vaqti ham yetmaydi. Onalik madaniyatining muhimligi shundaki, bu bola bilan birga onaning oʻz-oʻzini ham tarbiyalab, uni oilaviy salomatlikning asosiy sababchisiga aylantiradi”, deb javob beradi tibbiyot fanlari doktori.

Yangi tugʻilgan chaqaloq — yangi bir hayot. Koʻpchilik oilalar bola qancha ogʻir vazn bilan tugʻilsa, shuncha yaxshi, shuncha sogʻlom boʻladi, deb oʻylashadi, shu toʻgʻrimi?

“Yangi tugʻilgan chaqaloqning vazni 2,5 kilogrammdan 4 kilogrammgacha boʻlishi kerak. Homilaning oʻsmay qolishiga koʻplab sabablar boʻlishi mumkin. Masalan, bachadon ichi infeksiyasi, tugʻma nuqsonlar, irsiy omillar, qon quyulishi va hokazolar. Homila vaznining oshib ketishi koʻpincha ota-onaning tibbiy holatiga, ulardagi metobolik oʻzgarishlari, ayniqsa, homiladorlik paytida qantli diabetning rivojlanishiga bogʻliq. Buni normallashtirish uchun ular kasallikni keltirib chiqaruvchi xavf omillaridan oʻzlarini asrashi va vaqtida davolanishi kerak”, deydi professor Margʻuba Rasulova

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog