Yana bir huquq himoyachisi ozod qilindi

2009-yildan buyon hibsda bo‘lgan huquq himoyachisi G‘anixon Mamatxonov ozodlikka chiqarildi. Bu haqda Gazeta.uz nashri xabar qildi.

Farg‘ona viloyatida fermerlar huquqini himoya qilib, bolalarning majburiy mehnatiga qarshi kurashgan Mamatxonovning ozod etilishini AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi olqishladi. «Bu voqea yaqindagina bir necha vijdon tutqunlari ozodlikka chiqarilishidan keyingi yana bir yangilik bo‘lib, u O‘zbekiston hukumati xalqaro inson huquqlarini himoya qilish andozalariga sodiqligini namoyish etuvchi qo‘shimcha ijobiy qadam bo‘ldi», — deyiladi bayonotda.

«Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezident Mirziyoyev olib borayotgan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va inson huquqlari borasidagi islohotlarga bo‘lgan sadoqatni qo‘llab-quvvatlovchi kelgusi qadamlarni kutib qoladi», — deyiladi xabarda.

Oktabr oyidan buyon huquq himoyachilaridan Agzam Turg‘unov (2008-yilda qamalgan) va A’zam Farmonov (2006), shuningdek jurnalist Solijon Abdurahmonov (2008) qamoqxonalardan chiqarildi.

Avvalroq uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va huquqni muhofaza qilish tashkilotlariga aloqador bo‘lgan boshqa fuqarolar, jumladan Muhammad Bekjonov, Murod Jo‘rayev, Erkin Musayev, Jamshid Karimov ham ozodlikka chiqarilgan edi.

Latest from Blog