Foto: Kun.uz

Yana 47 nafar afg‘on harbiylari va fuqarolari O‘zbekiston chegarasini buzgan

/

Tashqi ishlar vazirligi Afgʻonistonda keskinlik kuchayib borayotganidan mamlakat xavotirda ekanligini bildirib, bayonot bilan chiqdi.

“Kurashayotgan tomonlarni tinch aholi orasida qurbonlar boʻlishining oldini olishga va kuch ishlatishdan tiyilishga chaqiramiz”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Maʼlumotga koʻra, 27-iyun kuni 44 kishidan iborat Afgʻoniston chegara qoʻshinlari va mahalliy qurolli guruh vakillari Shoʻrtepa tumani hududida Oʻzbekistonning davlat chegarasini buzgan.

26-iyun kuni chegaraning ushbu qismida afgʻon kuch ishlatar tizimlari 3 nafar vakili Oʻzbekiston hududiga kirib kelgan. Barcha Afgʻoniston fuqarolari oʻz vataniga qaytarilgan.

“Oʻzbekiston hududiga bu kabi noqonuniy oʻtishga urinishlar qatʼiy ravishda bartaraf etiladi”, — deyiladi xabarda.

“Oʻzbekiston hukumati Afgʻoniston bilan anʼanaviy doʻstona va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini davom ettirish, neytralitetni saqlash hamda qoʻshni mamlakat ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori ekanligini qatʼiy maʼlum qiladi”, — deya yakunlaydi bayonotni TIV.

Avvalroq, Oʻzbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov soʻnggi kunlarda bir nechta davlat chegarasini buzish holatlari kuzatilganligini maʼlum qilgan edi.

23-iyun kuni aynan ushbu hududdan 53 nafar afgʻon chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari va mahalliy qurolli guruhlar Oʻzbekiston chegarasini buzib kirishgan edi. Oldinroq, Afgʻoniston va Tojikiston chegarasidagi “Sherxon-Bandar” nazorat oʻtkazish punkti tolibon nazoratiga oʻtganligi haqida xabar bergan edik.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov “tolibon” nima xohlayotgani haqida intervyu bergan edi.

Latest from Blog