Yakkasaroyda talonchilik qilib, 177 ming dollarni qo‘lga kiritgan shaxslar qo‘lga olindi

2017-yilning 21-sentabr kuni taxminan soat 21:30 dan 22:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma’lum shaxslar Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida joylashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat binosi ichkarisiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, shu yerdagi seyf ichidan fuqaro Umirbek Turdiyevga tegishli bo‘lgan 177000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni qo‘lga kiritgan. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Shundan so‘ng noma’lum shaxslar mazkur jamiyat ishchisining hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatib, jinoyat sodir etilgan joydan yashiringan.

Mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 166-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tergov-tezkor tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Xayrulla Saydullayev, Mo‘minjon Saidov va Nodirbek Nasriddinov sodir etganligi aniqlangan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, ularning boshqa jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda.

Jabrlanuvchining anketa ma’lumotlari o‘zgartirilgan bo‘lib, familiyasi va ismining har qanday o‘xshashligi tasodifiy xarakterga ega.

Latest from Blog