Yakka tartibdagi tadbirkorlar valyuta sotishdan ozod etildi


Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasining «Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan oʻzlari ishlab chiqargan mahsulotlar eksportini kengaytirishga yoʻnaltirilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qarori eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda lex.uz sahifasi.

Hujjatga koʻra, yakka tartibdagi tadbirkorlar valyuta tushumini majburiy sotishdan ozod etildi.

Ushbu imtiyoz qishloq xoʻjalik mahsulotlari va yovvoyi oʻsimliklar, mis va undan yasalgan buyumlar, shuningdek, tabiiy gazni eksport qiluvchi yakka tadbirkorlarga nisbatan amal qilmaydi.

Hunarmandchilik bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar uchun oʻzlari yaratgan amaliy sanʼati buyumlari uchun badiiy ekspertiza oʻtkazish xizmati narxi kam oylik ish haqining 10% miqdorida belgilandi. Oldin tadbirkorlar eng kam ish haqining 75% ini toʻlashga majbur edi.

Bundan tashqari, madaniy boyliklarning olib chiqishida kerak boʻladigan badiiy ekspertiza va hujjatlar rasmiylashtirish xizmati narxi 5% dan 2% ga tushirildi.

Latest from Blog