XTV chet tili fani videodarsidagi xatoliklar uchun uzr soʻradi va oʻqituvchilar tarkibi qayta koʻrib chiqilganini maʼlum qildi

Xalq taʼlimi vazirligi maʼlum qilishicha, vazirlik tomonidan chet tili oʻqituvchilarining tarkibi qayta koʻrib chiqilgan.

“16-sentabr kuni efirga uzatilgan chet tili fani videodarsida ayrim xatoliklarga yoʻl qoʻyildi. Eng avvalo, mazkur holat uchun barchadan uzr soʻramoqchimiz.

Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan darslarda yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida chet tili oʻqituvchilarining tarkibi qayta koʻrib chiqildi, dars muharriri almashtirildi hamda darslarda tajribali oʻqituvchilar jamoasini yana-da kengaytirish maqsadida mahoratli pedagoglar uchun tanlov eʼlon qilindi.

Keng jamoatchilik va ijtimoiy tarmoq faollaridan “Onlayn-maktab” loyihasida ishtirok etayotgan oʻqituvchilarni kamsitmaslikni soʻramoqchimiz. Har birimiz xatolikka yoʻl qoʻyishimiz mumkin, ish bor joyda xatoliklar ham uchrab turadi. Lekin, bu xatoliklarni oldini olish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik choralari koʻrilmoqda.

Umid qilamizki, bu vaziyat barchani oʻz vazifalarini bajarishda eʼtiborliroq boʻlishga va ishga professional yondashishga undaydi.

Vazirlik, hozirgi sharoitda oʻz sogʻligʻini xavf ostiga qoʻyib ham anʼanaviy ham masofaviy shaklda faoliyat olib borayotgan hamda videodarslarni tasvirga olish jarayonlariga jalb qilingan oʻqituvchilarga minnatdorchilik bildiradi”, deyiladi vazirlik tarqatgan xabarda.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog