Xorijlik mutaxassislar Oʻzbekiston pedagog kadrlariga trenerlik kurslarini oʻtishmoqda

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Bosh ilmiy-metodik markazda respublika miqyosidagi oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarining malakasini oshirish markazlarida dars beradigan o‘qituvchilarning malakasini oshirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan  o‘quv seminarlarida Janubiy Koreyalik mutaxassislar AKT bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borishmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi  “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari  to‘g‘risida”gi Qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 2017-yil 14-avgustidan boshlab oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Bosh ilmiy-metodik markazda trenerlik kurslari tashkil etildi.

Trenerlik kurslarining asosiy maqsadi – oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlarida o‘quv mashg‘ulotlarini olib boradigan professor-o‘qituvchilarning kasb mahoratini oshirish, pedagogik texnologiyalar, sohaga oid ilg‘or xorijiy tajribalar va zamonaviy yondoshuvlar asosida o‘quv jarayonlarini tashkil etish borasidagi kompetentsiyalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan.

Jumladan, Janubiy Koreyaning Donguk  universiteti professorlari Byun Jeong Yong  va  Peom Parklar ishtirokida Janubiy Koreya oliy ta’lim tizimidagi islohotlar, o‘quv jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish borasidagi ilg‘or tajribalar bo‘yicha  ma’ruza-munozara bo‘lib o‘tdi.

Ma’ruza ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi, shu bilan birga, xorijiy mutaxassislar bilan mamlakatimizdagi ta’lim sifatini oshirish jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining qo‘llanilishi borasidagi mavjud ish tajribalari  bilan ham o‘rtoqlashildi.

Latest from Blog