Xorazm viloyatida piyoda poyezd ostida qoldi

Xorazmning Xazorasp tumanida 28 yoshli yigitni ehtiyotsizlik oqibatida poyezd urib ketdi. Bu haqda Xorazm viloyat IIB ma’lum qildi.

Aytilishicha, Xazorasp tumanida yashagan 1989-yilda tug‘ilgan Q. Bobur 14-oktabr kuni tungi paytda Xazorasp tumani hududidan o‘tgan temir yo‘lni piyoda kesib o‘tishda e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yishi natijasida poyezd urib yubordi va olgan tan jarohati tufayli hodisa joyida vafot etdi.

“Temir yo‘l kesishmalarini piyoda yoki biron-bir turdagi mexanik transport vositalarida kesib o‘tayotganda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishlik lozimligi, temir yo‘llarni belgilanmagan joylaridan kesib o‘tmaslik to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari orqali doimiy ravishda targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borilmoqda”, — deyiladi xabarnomada.

“Hurmatli fuqarolar, bugungi kunda, aholining uzog‘ini yaqin qilish hamda ular uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida turli yo‘nalishlarda tezyurar poyezdlarning qatnovi yo‘lga qo‘yilishi kutilayotganligi sababli temir yo‘llarimizda harakatlanayotgan poyezdlarning soni va tezligi sezilarli darajada ortadi. Shu bois temir yo‘l kesishmalarida va temir yo‘llarga yaqin joylarda xavfsizlik qoidalariga rioya qilsak, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli baxtsiz hodisalarning oldi olinadi”, — deb murojaat qildi IIB vakillari fuqarolarga.

Latest from Blog