XDP Ombudsmanni Rossiyada teraktda ayblanayotgan Shohista Karimova ishini oʻrganishga chaqirdi

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi keyingi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda yana muhokamaga sabab boʻlayotgan mavzu — Peterburgda teraktda ayblangan oʻzbekistonlik Shohista Karimova masalasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) oʻrganib chiqishi taklifini ilgari surdi. Bu haqda XDP matbuot xizmati xabar berdi.

«Partiya oʻz taklifida Oʻzbekistonning har bir fuqarosi davlat himoyasida ekanligidan kelib chiqib, hech bir fuqaroni eʼtibordan chetda qoldirish mumkin emasligi, avvalo uning ayol ekanligi, yoshi, bemorligi, ichki qon ketishi va tushunarsiz nevrologik kasalliklarini inobatga olgan holda, jazosini yumshatish yoki jazoni Oʻzbekistonda oʻtashi uchun ekstraditsiya qilish choralarini koʻrish maqsadga muvofiqligini taʼkidladi.

Shuningdek, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi ijtimoiy koʻmakka muhtoj, mehnat qilish maqsadida xorijiy davlatlarga ketishni rejalashtirayotgan yoshlarni oʻzini oʻzi band qilishga hamda kichik biznes ochishga koʻmaklashish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-apreldagi 250-sonli “Moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori ijrosi ustidan nazorat-tahlil ishlarini olib borayotganini maʼlum qilgan» deyiladi xabarda.

Latest from Blog