“Xatoni tuzatish xatodan qimmatga tushmasligi kerak”. Tilshunos Baxtiyor Mengliyev lotin alifbosidagi islohotlarga qarshi chiqdi

“‘Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida’gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi. Filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Mengliyev lotin alifbosidagi islohotlarga qarshi chiqdi.

Alifbo masalasi, qo‘yib bersang, har doim ham munozarali mavzu. Birorta tilning alifbosi mukammal emas, boz ustiga, rivojlangan xalqlarning alifbosi yanada g‘arib. Ayniqsa, bizning o‘zbek tilimiz kabi murakkab tarkibli (kamdan kam uchraydigan ko‘p lahjalilik) tillarning alifbosini takomillashtirishga urinish samara bermaydi. Chunki barcha lahjalarning fonetik xususiyatini grafik ifodalash mumkin emas.

Dunyo tillari sun’iy intellekt tiliga aylanib ketayotgan bir zamonda bizning hanuz alifbo muammosiga o‘ralashib yotishimiz esa yanada achinarli holat.

Amaldagi alifboga xalqimiz, nima bo‘lganda ham, ko‘nikdi (aslida lotin harf shakllaridan kirill harf shakllari mukammalroq). Endi hamma ko‘nikkan bir paytda yana millat tinchini buzishning nima keragi bor!? Shuningdek, o‘zgartirishning musbat va manfiy tomonlarini hisob-kitob qilmasdan, ola-tasir ish ko‘rish to‘g‘ri emas.

Men alifboni isloh qilish masalasida quyidagilarni alohida ta’kidlashni istar edim:

  • Oldimizda shuncha katta muammolar turganda foydasidan zarari ko‘p bu isloh mutlaqo ortiqcha.
  • ‘Yangilangan’ alifboni qanday joriy qilamiz? Birdan qilib bo‘lmasligi aniq, chunki bunga qancha ko‘p mablag‘ ketishini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi; yoki bu ham o‘n yillar mobaynida ‘bosqichma-bosqich’ amalga oshiriladimi?
  • Isloh muammosini ko‘tarib chiqayotganlarning o‘zlari lotin imlosida yolchitib yozayotganmikan (qancha isloh qilinmasin, ularning o‘zlari baribir kirillda yozishadi, bu aniq).
  • Isloh sababli alifboda hozirgidan ko‘proq yangi muammolar paydo bo‘lmasligiga tashabbuskorlar kafolat berishadimi?
  • Masala kun tartibiga qo‘yilgan zahoti muvaffaqiyatsiz yakun topishi ko‘rinib turibdi.
  • Tilshunoslik masalasini ijtimoiy muammoga aylantirmaylik, aksincha ijtimoiy muammolar yechimiga tilshunoslik bilan ko‘maklashaylik.

Men tilshunos sifatida alifboni isloh qilishga qarshiman.

Baxtiyor Mengliyev, filologiya fanlari doktori, professor

Eslatib o‘tamiz, hukumat qarori bilan 2023-yil 1-yanvardan boshlab barcha tashkilotlarda ish yuritishda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tilishi belgilangan. Bundan tashqari, markaziy, mahalliy bosma va elektron OAV, internet saytlari, nashriyotlar, matbaa korxonalari faoliyati to‘liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tkaziladi.

Latest from Blog