Xalqaro press-klubda yoshlar masalasi: xorijiy OTMlarning yutuqlari, mahalliy OTMlardagi qog‘ozbozlik va uch tamonlana “yolg‘on” shartnomalar

Kecha xalqaro press-klub va bir nechta mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda yoshlar siyosati: dolzarb masalalarga zamonaviy yondoshuv” mavzuida yig‘ilish tashkil etildi.

Uch soat davom etgan tadbir televideniyeda jonli efir orqali uzatildi. Unda jurnalistlarning alohida faolligi ko‘zga tashlandi. Berilgan savollarning aksariyati spikerlarni dovdiratib qo‘ydi. Ularning o‘zlari ham “qizargani”ni tan olishdi.

Shu kunlarda esa oliy ta’lim tizimi, ulardagi qabul va bitiruvchilarning ishga joylashishi kabi masalalar eng dolzarb masala bo‘lib turgani bois ushbu tadbirda tizimga taaluqli savollar (aksariyati munosib javobini topmagan savollar) va mulohazalarning ba’zilarini taqdim etishga qaror qildik:

1. Alisher Sa’dullayev (Singapur menejmentni rivojlantirish institutining bitiruvchisi)ning Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari lavozimini, Olimjon To‘ychiyev (Turin politexnika universiteti magistranti)ning fan va texnologiyalar agentligi Bosh direktorining o‘rinbosari lavozimini egallagani katta muhokamalarga sabab bo‘ldi va ko‘pchilikni yoshlarga bildirilgan ishonch quvontirdi. Lekin ahamiyat berilsa bu kadrlarning har ikkisi ham yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishgan.  Bir o‘ylab ko‘rayapsizmi, raqobatda o‘zimizning oliy o‘quv yurtlarimiz yutqazib qo‘ymayaptimi?

2. Oliy ta’lim muassasalarimizdagi dars jarayonlarida ko‘p bora guvoh bo‘lamiz, professor-o‘qituvchi oliy ta’lim vazirligi yoki rahbariyat tomonidan yuborilgan turli hujjatlar, jadvallarni to‘ldirish uchun darsni qoldirib chiqib ketadi. Shunda bilamizki, bir para darsdan qaysidir jadvalni to‘ldirish muhimroq. Aslida dars sifati shu bir paraga qarab belgilanmaydimi?

O‘zi umuman o‘qituvchini darsdan olib boshqa ishga jalb qilish qanchalik to‘g‘ri. Vazirlik jadvalga qarab emas, darsning o‘zini ko‘rib xulosa qilar darajaga qachon yetib keladi?

3. Oliy o‘quv yurtlarini tamomlash arafasida bitiruvchi talabalardan ishga joylashganini tasdiqlovchi uch tamonlama shartnoma talab etiladi. Bu shartnomani olib kelmagan talaba davlat imtihonlariga va diplom himoyalariga kiritilmaydi. Shunda talabalar majbur bo‘lib qayerda shartnomaga muhr qo‘ydirishning iloji topilib qolsa, shu bilan ishini bitiradi. Natijada filologiya fakultetining bitiruvchisi fermer xo‘jaligidan muhrlangan shartnoma olib kelish hollari ham kuzatilmoqda.

Bundan ko‘rinadiki, vazirlikka yoshlarning chindan ham o‘z ishini topishi va natijada o‘z kelajagini qurishi, oilasiga, millatiga nafi tegishi emas, shunchaki hisobot uchun shartnomalar soni kerak. Jarayonning ikki jihati alohida ko‘zga tashlanadi: birinchisi, qo‘lida hali mutaxassisligini tasdiqlovchi diplomi yo‘q “kadr”ni kim ishga oladi?! Ikkinchisi, bergan ta’limiga ishongan tizim bo‘lg‘usi mutaxassisni “ishga joylashish”ga bu taxlit majbur qilmaydi. Agar kadr o‘z ishining ustasi bo‘lsa, o‘ziyam, uni o‘qitgan OTM ham ishsizlikdan qo‘rqmaydi.

Farhod tayyorladi

Fikr bildirish

Latest from Blog