Xalq taʼlimi vaziri: Oʻzbekiston lotin alifbosidan voz kechmoqchi emas

Oʻzbekiston lotin alifbosidan voz kechmoqchi emas. Bu haqda Xalqaro press-klub yigʻilishida Xalq taʼlimi vaziri Ulugʻbek Inoyatov maʼlum qildi.

Foto: UzDaily.uz

«Oʻylaymanki, kirill yozuviga qaytish kichik qatlamdagi aholining fikridir. Men vazir sifatida oʻz pozitsiyamni bildiraman. Kirill va lotin yozuvlarining oʻziga xos afzalliklari va kamchiliklari bor. Lekin lotin yozuvi hozirgi vaqtda mamlakatimizda aniq ustunliklarga ega deb oʻylayman. Farzandlarimiz ingliz tilini oʻrganishmoqda, bu esa lotin yozuvidir. Lotin yozuvida boʻlishimiz oʻzbek tilini oʻrganayotgan chet elliklarga ham ancha oson boʻladi», — deb taʼkidladi vazir.

Inoyatovning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonning dunyo hamjamiyati bilan integratsiya nuqtai nazaridan qaraganda ham lotin yozuviga oʻtish bu toʻgʻri qabul qilingan qaror hisoblanadi.

«Bu jarayon davom etadi. Men oʻylaymanki, oʻtgan davr mobaynida biz koʻpchilik farzadlarimizni lotin yozuviga oʻrgatib boʻldik. Yoshi kattalar ham bu yozuvga ancha koʻnikdi. Bu yerda hech qanday muammo yoʻq deb oʻylayman. Biz lotin yozuvida qolishimiz kerak. Bugun oʻquv yili boshlanishidan oldin xavotirlanmasligi uchun buni xalqimizga va farzandlarimizga ishonch bilan aytishimiz kerak boʻladi», — deb alohida taʼkidladi vazir.

Lotin yozuvida adabiyotlarning yetishmaslik masalasi ham chetda qolmadi. Ayrim ekspertlarning fikriga koʻra, bugungi kunda respublikada barcha adabiyotlarning 70 foizi kirill yozuvida chop etilmoqda.

«Biz bosqichma-bosqich kutubxona jamgʻarmalarini lotin yozuvidagi kitoblar bilan toʻldirib bormoqdamiz. Oʻtgan yili 27 nomdagi adabiyotlar chop etilgan, bu yil 28 ta chop etiladi. Kelgusi yillarda bu jarayon davom etadi. Shuning uchun masala asta-sekin hal boʻladi. Bu yerda muammo yoʻq. Maktablar lotin yozuvidagi adabiyotlar va qoʻshimcha kitoblar bilan toʻliq taʼminlangan», — dedi Ulugʻbek Inoyatov.

Latest from Blog

Microsoft Xitoyda LinkedInni yopadi

Microsoft kompaniyasi LinkedInʼning Xitoy foydalanuvchilari uchun 2014-yilda ishga tushirilgan mahalliy versiyasini yopayotganini eʼlon qildi. Kompaniya olimlar