Xonanda Vohidjon Isoqovning toʻyida karantin qoidalariga zid ravishda 50 nafardan ziyod mehmon ishtirok etganligi uchun u 1 115 000 soʻm jarimaga tortildi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
“32 yoshli Vohidjon Isoqov Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 54-moddasiga koʻra jarimaga tortildi. Unga BHMning 5 baravari miqdorida jarima belgilandi”, — deyilgan xabarda.
Eslatib oʻtamiz, oilaviy tantana, toʻy, maʼraka va marosimlarni fuqarolarning uy-joyi va hovlisining oʻzida 30 kishidan koʻp boʻlmagan hamda sanitariya va gigiyena talablariga qatʼiy rioya etgan holda oʻtkazishga ruxsat berilgan.