Vladimir Putin ishsizlar sonini kamaytirishni maqsad qilgan

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2021-yil oxiriga kelib mamlakatda ish bilan taʼminlash darajasini 2019-yilgi holatga qaytarishni maqsad qilgan. Ushbu vazifani Prezident 10-sentabr kuni iqtisodiy masalalar boʻyicha boʻlib oʻtgan videоkonferensiyada taʼkidlagan. Bu haqda “vesti.ru” sayti xabar qildi.

Maʼlumki, koronavirus pandemiyasi sharoitida mehnat bozori holatiga alohida eʼtibor qaratildi. Prezident Putin Rossiyada iqtisodiy tanazzulning chuqurligi dunyoning boshqa yetakchi mamlakatlariga qaraganda pastroq boʻlganligini aytdi. Ammo endi ishbilarmonlik faolligini tiklash notekis ketmoqda.

Jahon iqtisodiyoti hech qachon bunday silkinishni boshdan kechirmagan. Pandemiya sababli butun dunyo boʻylab sanoat, qurilish, savdo va biznes bir necha oy davomida muzlatib qoʻyilgan.

Yevrozona YIM ikkinchi chorakda tasavvur qilib boʻlmaydigan darajada – 15 foizga pastladi. AQSH iqtisodiyoti 9,5 foizga tushdi. Rossiya bu fonda yaxshiroq koʻrinishga ega: apreldan iyungacha minus 8,5 foiz. Oʻz navbatida, cheklovlar bekor qilingandan soʻng, iqtisodiyot asta-sekin tiklana boshladi.

“Bugungi kunda koʻplab mutaxassislar va ekspertlarning taʼkidlashicha, eng keskin inqiroz bosqichi tugadi. Iyundan boshlab Rossiyada haqiqatan ham iqtisodiy dinamika tiklana boshladi. Isteʼmolchilar faolligi oʻsib, elektr energiyasi isteʼmoli va temir yoʻl orqali yuk tashish hajmi kabi koʻrsatkichlar asta-sekin oʻtgan yilgi darajasiga qaytmoqda. Ha, albatta, ishbilarmonlik faolligini tiklash hali ham notekis, bu haqiqat. Barcha sohalarda keng jabhada borish uchun juda koʻp ishlar qilish kerak” dedi Vladimir Putin.

Shuningdek, zaxira koʻrinishida toʻplangan xavfsizlik chegarasi va rasmiylarning tezkor javobi iqtisodiyotga bardosh berishga yordam berdi. Bir necha kun ichida hukumat biznes va fuqarolarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqdi. Bularga ish haqi kreditlari, soliq imtiyozlari va bolalar uchun nafaqalar kiradi.

“Biz ishsiz qolgan odamlarni qoʻllab-quvvatlash uchun koʻplab chora-tadbirlarni koʻrdik. Ishsizlarga beriladigan maksimal nafaqani eng kam ish haqi darajasiga koʻtardik. Ha, albatta, bu ham rasmiy koʻrsatkichning oʻsishiga taʼsir qildi. Biz nafaqalarni va bolalar uchun toʻlovlarni yaxshiladik. Lekin, men aytganimdek, mehnat bozoridagi vaziyat hanuzgacha keskinligicha qolmoqda” deydi Prezident.

Putinning soʻzlariga koʻra, hozir Rossiyada ishsizlik iqtisodiy faol aholining 6,3 foizidan oshgan. Bu taxminan 3 million 300 ming kishini tashkil qiladi. Bir yarim yil oldin ishsizlar soni sezilarli darajada kamroq edi – 4,7 foiz. Prezident oʻz ishini yoʻqotganlar sonini, hech boʻlmaganda inqirozgacha boʻlgan 2019-yilgi darajaga qaytarish vazifasini qoʻydi.
Rossiya davlat rahbari vazirlardan fuqarolarning bandligini va daromadlarini oshirish boʻyicha aniq takliflarni taqdim etishlarini soʻradi. Qarorlar milliy loyihalarda va federal byudjetda aks ettirilishi kerak. Hukumat bugun ishsizlarni qoʻllab-quvvatlash uchun yana 35 milliard rubl ajratdi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog