//

Video: Afg‘onistonlik harbiy xizmatchilar bo‘lgan ikkita vertolyot Surxondaryodagi dalaga qo‘ndi

1 daqiqada oʻqiladi

Ijtimoiy tarmoqlarda bortida afg‘onistonlik harbiy xizmatchilar (hukumat kuchlari vakillari) bo‘lgan ikkita harbiy vertolyot O‘zbekiston hududidagi dala maydoniga qo‘ngani aks etgan videoyozuvlar tarqaldi., deya xabar qilmoqda “Daryo.uz” nashri manbasiga tayanib.

Vertolyotlarning birida 9 nafar, ikkinchisida esa 12 nafar odam bo‘lgan; videodagi suhbatlardan ularning aksariyati harbiy uchuvchilar ekanini anglash mumkin. “Nega bu yerga qo‘ndinglar?”, degan savolga afg‘on harbiy xizmatchilaridan biri shunday javob bergan: “Toliblar Kobulni olgach, biz qochdik, chora yo‘q edi, shuning uchun bu yerga kelishga majbur bo‘ldik” (eslatib o‘tamiz, “Tolibon” 15-avgust kuni Kobulni egalladi).

Salkam sakkiz yarim daqiqalik video, katta ehtimol bilan, ichki ishlar organi xodimi tomonidan olingan; voqea joyida hozir bo‘lganlarning aksariyati (afg‘onistonliklardan tashqari) ichki ishlar xodimlari, shuningdek, mahalliy hokimlik organi vakillari ekanini taxmin qilish mumkin. Videoning oxirgi qismida voqea joyiga o‘zbekistonlik harbiylar (katta ehtimol bilan, chegarachilar) yetib kelganini ko‘rish mumkin.

Videoda ichki ishlar organlari xodimlari harbiy xizmatchilardan afg‘onistonliklarning qurollarini olib qo‘yishni so‘raganini (deyarli har bir afg‘onistonlikning yonida to‘pponcha bo‘lgan; ular tajovuzkorlik namoyish etmagan, o‘zbekistonliklarning barcha ko‘rsatmalarini so‘zsiz bajargan), biroq ular bayonnoma tuzmay qurolni olib bo‘lmasligini tushuntirganini ko‘rish mumkin.

Oxir-oqibat O‘zbekiston tomoni vakillari Afg‘oniston vertolyotlarida yaqin atrofdagi aeroportga uchib borib, qo‘nishga qaror qilgan. “Ucha olamiz, dedi… Men bular bilan uchaman, sherigim ular bilan uchadi”, — deya harbiy xizmatchilarga vaziyatni tushuntirgan jarayonni boshqarayotgani ko‘rinib turgan o‘zbekistonlik rasmiy. Video afg‘onistonlik uchuvchi vertolyotni harakatga keltirayotgan vaqtda tugagan.

Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston tomoni hozircha biror rasmiy izoh berganicha yo‘q. Avvalroq O‘zbekiston Mudofaa vazirligi mamlakat havo chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga uringan Afg‘oniston harbiy samolyoti O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari Havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilganini ma’lum qildi. Samolyot Surxondaryo viloyatining Sherobod tumaniga qulagan. Hodisa oqibatida hech kim qurbon bo‘lmagan, tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida afg‘onistonlik ikki harbiy xizmatchi tan jarohati olib, Termizdagi kasalxonaga yotqizilgan.

Ma’lumot uchun, 15-avgust oqshomida ijtimoiy tarmoqlarda Termiz osmonida uchib yurgan vertolyotlarning videosi tarqalgan edi. Videodagi holatning Surxondaryodagi dalaga qo‘ngan vertolyotlar bilan bog‘liqligi bormi yoki yo‘q — ma’lum emas. O‘zbekistonning vakolatli organlari Termiz osmonida uchib yurgan vertolyotlar yuzasidan biror izoh bermagan.

Fikr bildirish

Latest from Blog