MMA sportchilari Otabek Umarov qaytmasa, ular ham MMAdan ketishini aytishmoqda

Xabaringiz bor, kuni kecha MMA assotsiatsiyasi prezidenti lavozimida ishlab kelgan Otabek Umarov oʻz xohishiga koʻra assotsiatsiya prezidentligi lavozimini tark etgan edi.

Foto: Google

Biroq MMA sportchilari Otabek Umarovning oʻz vazifasidan isteʼfoga chiqqanidan norozi ekanliklarini bildirishmoqda. Xususan ijtimoiy tarmoqlarda sportchilar Otabek Umarovning qaytishini talab qilingan videoroliklar tarqalib ketdi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, videomurojaatda yuzlab sportchilar oʻz fikrlarini alohida-alohida bildirib oʻtgan.

Sportchilar Otabek Umarov bu sport turini mamlakatga olib kirib rivojlantirgani, agar u qaytmasa yuzlab sportchilar ham MMAdan ketishini iddao qilishgan.

“Assalomu alaykum Otabek Muhammadaliyevich biz bugun MMA polvonlari dunyoga tanilgan sportchilar nomidan barchamiz yigʻilib sizga murojaat qilyapmiz. Otabek Muhammadaliyevich xalqimizda birlashgan oʻzar degan gap bor. Bizning yurtimizda bayrogʻimizni butun dunyoga baland koʻtarib turadigan chempionlarimiz juda koʻp. MMA assotsiatsiyasi ochilib rivojlangunga qadar sportchilarga boʻlgan munosabat, moddiy va maʼnaviy jihatdan ogʻir ahvolda boʻlgani barchamizning esimizda. Ushbu assotsiatsiya ochilganida biz sizga tugʻishgan akamizdek ishonganmiz. Ortingizdan ergashdik, siz bizga, shaxsan menga kam taʼminlangan oilalarning barchasi sport bilan shugʻullanishi kerak, hech kimda muhtojlik boʻlmasin deb aytgansiz.

Siz bilan rejalarimiz bor edi. Har bir viloyat va shaharlarda bepul sport komplekslar qurish rejalarimiz bor edi. Biz ham bayrogʻimizni yuqoriga koʻtaramiz, yurtimizga sadoqatli farzand boʻlamiz, oʻzimizni koʻrsatadigan vaqt keldi deb hamma poylab turgan paytda ayrim sabablarga koʻra biz nima sababligini bilmaymiz, siz assotsiatsiyani qoldirib ketyapsiz. Bu rejalarni kim bilan amalga oshiramiz? Bizdan xafa boʻlmang, siz MMA rahbarligiga qaytmasangiz biz MMAdan ketamiz”, deydi sportchi Murod Xontoʻrayev.

Shuningdek, sportchilar videomurojaatida oʻtgan yillar davomida bu sport turi Oʻzbekistonda rivojlanmagani, oʻzbek polvonlariga xorijliklar pul tikib musobaqalarga olib chiqqanini aytishadi. Ular Otabek Umarov haqida iliq xotiralarni eslar ekan, uning minglab odamlarga moddiy yordam koʻrsatgani, ammo u ishini koʻz-koʻz qilmaganini taʼkidlaydi.

Maʼlumot uchun, Otabek Umarov isteʼfoga chiqqach, Triatlon federatsiyasi raisligiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov, MMA assotsiatsiyasi raisligiga esa Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri Bahodir Kurbanov saylandi.

Eslatib oʻtamiz, 2019-yil noyabr oyidan u Oʻzbekiston Aralash jang sanʼatlari assotsiatsiyasi prezidenti lavozimini egallab kelayotgan edi. Uning rahbarligi ostida poytaxtdagi “Humo Arena”da 15 ming ishqibozni yigʻgan GFC 20 turniri oʻtkazilgan.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog