Foto: Interfax.uz

Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston fuqarolari uchun turistik yig‘im miqdorini tasdiqladi. U mehmonxonada o‘tkazilgan har bir kun uchun to‘lanadi

//

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan O‘zbekiston fuqarolari hamda mamlakatda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan undiriladigan turistik (mehmonxona) yig‘imi yashalgan kun uchun — BHMning 0,4 foizi yoki 980 so‘m etib belgilandi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘im Prezidentning 9-fevraldagi farmoni bilan 1-martdan boshlab joriy etilmoqda. Mazkur yig‘imdan tushgan mablag‘lar ichki sayohatlarni rag‘batlantirishga qaratilgan targ‘ibot, tashviqot va reklama tadbirlariga, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi.

Hukumat qarori bilan, shuningdek, O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishda imtiyoz va subsidiyalardan foydalanish tartibi ham tasdiqlanmoqda.

Yangi joriy etilayotgan aviaqatnovlarga chiptalar — 25 foiz arzon sotilib, ushbu chipta turoperatorlar orqali xarid qilinsa yana 15 foiz va umumiy 40 foiz chegirma belgilandi. Turoperatorlar orqali xarid qilingan temiryo‘l chiptalariga — 15 foiz, mehmonxona xizmatlariga — 10 foiz qo‘shimcha chegirmalar taqdim etiladi.

Misol uchun: “Farg‘ona vodiysidan qadimiy Xiva shahriga sayohat” turpaketini 5 kishidan iborat bir oila 6,6 million so‘mga (avia va mehmonxona xizmati) xarid qilganda turoperatorlar tomonidan davlat subsidiyasi hisobidan ularga 2 million so‘m chegirma beriladi.

Shuningdek, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida:

  • ish beruvchining turistik yo‘llanmalarni sotib olish xarajatlari xodimning daromadi sifatida ko‘rib chiqilmaydi hamda yuridik shaxsdan olinadigan foyda solig‘ini hisoblab chiqishda chegirib qolinadi;
  • jismoniy shaxslarning soliqqa tortiladigan daromadlari turistik yo‘llanmalarni sotib olishga yo‘naltirilgan xarajatlar summasiga kamaytiriladi.

2020-yilda turizm sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlariga joriy etilgan soliq imtiyozlari 2021-yil oxirigacha uzaytirildi.

2020-yilning o‘zida sohadagi tadbirkorlar:

  • 26 milliard so‘mlik yer va mol-mulk soliqlaridan ozod qilindi;
  • foyda solig‘i 50 foizga yoki 10 milliard so‘mga kamaytirildi;
  • ijtimoiy to‘lovlar 12 foizdan 1 foizga tushurildi;
  • 241 ta tadbirkorning 4 mingdan ortiq ishchi xodimlarini saqlab turish uchun foizsiz 16,1 milliard so‘m ssudalar taqdim qilindi;
  • 120 ta joylashtirish vositalariga har bir mehmon uchun mehmonxona xizmatlari narxining 10 foizi miqdorida yoki qariyb 2 milliard so‘m qo‘shimcha subsidiya berildi;
  • olingan kredit to‘lovlari to‘xtatib turildi va ularning foizlarining bir qismi davlat jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan qoplab berildi.

Mazkur imtiyoz va preferensiyalardan foydalangan tadbirkorlar ichki turizmni shakllantirishda jadal hamkorlik qilishi talab etiladi.

Ma’lumot uchun, Prezidentning yuqorida keltirilgan farmoni bilan mart oyidan Farg‘ona—Urganch—Farg‘ona reysiga qo‘shimcha tarzda, Termiz—Urganch—Termiz hamda Qarshi—Urganch—Qarshi aviareyslarini yo‘lga qo‘yish va Andijon—Xiva—Andijon temiryo‘l qatnovi sonini oshirish nazarda tutilgan. 1-aprelga qadar Termiz—Qarshi—Xiva, Xiva—Urganch—Nukus va Termiz—Qarshi—Samarqand yo‘nalishlari bo‘yicha doimiy temiryo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Latest from Blog

Microsoft Xitoyda LinkedInni yopadi

Microsoft kompaniyasi LinkedInʼning Xitoy foydalanuvchilari uchun 2014-yilda ishga tushirilgan mahalliy versiyasini yopayotganini eʼlon qildi. Kompaniya olimlar