Foto: UzReport.news

Vasiylikka olingan yetim bolalarga ham OTMga kirish uchun kvota ajratiladi

/

Avvalroq, prezident yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etishga oid qarorni imzolagani haqida yozgan edik.

Mazkur hujjat bilan yetim bolalarning taʼlim olishini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari ham belgilanmoqda:

  • tarbiya muassasalaridagi bolalarga nodavlat taʼlim tashkiloti oʻquv kurslarida (xorijiy til, oliy taʼlimga tayyorgarlik uchun 2 tagacha fan, kasb-hunar va kompyuter savodxonligi) oʻqish xarajati uchun yiliga 4,9 mln soʻmdan kompensatsiya (2021-yilda 2 234 nafar bolaga 11 mlrd soʻm) toʻlanadi;
  • bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari, shuningdek, vasiylikka (homiylikka yoki patronatga) olingan 25 yoshdan oshmagan yetim bolalar “Mehribonlik” uyi va Bolalar shaharchasi bitiruvchilari uchun ajratilgan qoʻshimcha kvotadan foydalanadi;

2019/2020 oʻquv yilida 1 405 ta kvota ajratilgan boʻlib, 336 nafar chin yetim hujjat topshirgan, ularning 81 nafari talabalikka tavsiya etilgan.

Yangi tizim boʻyicha kvotadan foydalanish huquqiga ega boʻlgan yetimlar soni 563 nafardan 6,2 ming nafargacha (11 baravarga) oshishi kutilmoqda. Ularga shuningdek, Talabalarni ragʻbatlantirish jamgʻarmasi hisobidan 50 foizga oshirilgan miqdorda stipendiya (amaldagi 470 ming soʻmdan 705 ming soʻmga oshirib) toʻlanadi.

Texnikum, kollej yoki oliy taʼlim muassasasida oʻqiyotgan yetim bolalarga oʻquv, ilmiy va badiiy adabiyotlar (kitoblar) xarid qilish uchun bir yilda bir marta 1,2 mln soʻm miqdorda subsidiya beriladi.

2021-yilda 523 nafar yetim bolaga kitob xarid qilish uchun davlat byudjetidan 641 mln soʻm subsidiya toʻlanadi.

“Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalariga 2 ta psixolog shtati ajratiladi (respublika boʻyicha qoʻshimcha shtat soni 8 ta, xarajat miqdori 243 mln soʻm).

“Mehribonlik” uylariga yoki yetim bolalarga ajratilgan xayriya mablagʻlari foyda soligʻi bazasidan chegiriladi.

Tadbirkorlar 2019−2020-yillarda 10 mlrd soʻm xayriya mablagʻlari ajratgan, ushbu xarajatlarga 1,5 mlrd soʻm soliq hisoblangan.

Farzandlikka yoki vasiylikka olingan yetim bolalar davlat bogʻchalari va maktablariga navbatsiz joylashtiriladi.

Yetim bolalarni kasbga oʻqitish hamda ularning bandligini taʼminlash boʻyicha quyidagilar belgilanmoqda:

  • yetim bolalar Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga oʻqitish markazlarida kasb-hunarga oʻqitiladi.
  • Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga yetim bolalar monomarkazlarda oʻqishni tamomlagandan soʻng kafolatlangan ish joyi bilan taʼminlash vazifasi yuklatilmoqda;
  • Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan grafik asosida vazirlik va idoralar tarbiya muassasalarida 1 yilda kamida 1 marotaba taqdimotlar oʻtkazadi.

Nogironligi boʻlgan yetim bolalarni vasiylikka (homiylikka, patronatga) olgan oilalarga toʻlanadigan toʻlovlar 2,5 mln soʻmga yetkaziladi. Sogʻlom yetim bolalarni vasiylikka va homiylikka olganlik uchun 1,2 mln soʻm miqdorida har oylik moddiy yordam toʻlanadi. Yil yakuniga qadar 500 nafar bolaga 3,6 mlrd soʻm toʻlab beriladi.

Yetim bolalar va ularni oʻz qaramogʻiga olgan fuqarolarga hududiy adliya organlari huzuridagi Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari tomonidan bepul yuridik xizmat koʻrsatiladi.

Yetim bolalarning xorijiy davlatlarda jarrohlik amaliyoti xarajatlari toʻliq kompensatsiya qilinadi. 8 nafar bolaga kompensatsiya Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasal bemorlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasidan toʻlanadi.

Texnikum, kollej, oliy taʼlim muassasasida oʻqiyotgan yetim bolalar boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini olish yoshi 18 yoshdan 23 yoshga oshirilmoqda. Shu yili 9746 nafar bolaga boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini toʻlash uchun byudjetdan 21,5 mlrd soʻm miqdorida qoʻshimcha mablagʻ ajratiladi.

Latest from Blog