UZCARD oʻz raqobatchilariga yordam berishni rad etdi

2014 yil fevraldan buyon muntazam ravishda matbuotda Oʻzbekistonda xalqaro toʻlov tizimlari bilan integratsiyaga kirishadigan va mavjud UZCARD toʻlov tizimi bilan raqobatga kirishadigan yangi, universal toʻlov tizimi — GlobUzCard yaratilishi haqida maʼlumotlar koʻzga tashlanib keladi.

Foto: Logologika

GlobUz.uz saytidagi maʼlumotga koʻra, tizim “Bank plastik kartalari asosida naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini yanada rivojlantirish va uygʻunlashtirish, xalqaro plastik kartalar standartlari, qoidalari va tartibotlari asosida ilgʻor yutuqlarni joriy qilish, yagona va unifikatsiyalangan infratuzilmani shakllantirish, bank plastik kartalarining fiunktsional imkoniyatlarini kengaytirish, ilgʻor texnologik yechimlarni joriy qilish va chakana toʻlovlar jarayonini arzonlashtirish maqsadida” yaratilmoqda.

Biroq, “xalqaro plastik kartalar standartlari, qoidalari va tartibotlari asosida ilgʻor yutuqlarni joriy qilish” oʻrniga yangi turdagi kartalarni qabul qilish uchun UZCARD tarmogʻidan foydalanish masalasi bot-bot koʻtarilmoqda. Shu tariqa, GlobUzCard tizimi potentsial raqobatchisi — UZCARD tizimi resurslaridan foydalangan holda oʻz ishini boshlamoqchi boʻlyapti. Bu haqda kompaniyaning matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan, GlobUzCard tomonidan 2017 yil 14 iyunda yuborilgan xatda UZCARD tizimining maxfiy mazmunga ega boʻlgan texnik maʼlumotlarini ularga taqdim qilinishi masalasi haqida soʻz yuritilgan. Maʼlum qilinishicha, bu ikki tizimning oʻzaro birgalikda faoliyat olib borishini taʼminlash uchun “yuklatilgan vazifaning ehtimoliy yechimlari variantlarini yanada mukammal ishlab chiqish va baho berish”ga moʻljallangan.

UZCARD tizimidan GlobUzCard tizimiga texnik maʼlumotlarni taqdim qilinishi mumkin emasligini anglash qiyin emas, chunki:

— soʻralayotgan texnik maʼlumotlar maxfiy mazmunga ega boʻlib, ularni uchinchi tomonga taqdim qilinishi axborot xavfsizligi standartlariga zid hisoblanadi va butunlay “UZCARD” toʻlov tizimini xatarga qoʻyadi;

— bunday texnik maʼlumotni taqdim etish uchun dastlabki huquqiy va tijorat mazmunidagi asoslov talab qilinadi.

Latest from Blog