Uzcard GlobUzCard haqida: “Ishlab turgan tizimni o‘zgartirib, boshqa logotip bilan yangi kartalarni ishlab chiqarishdan nima naf?”

2017-yilning 31-mayida Markaziy bankka YUPM va YXPM rahbariyati taklif qilinib, bir oy muddat ichida UZCARD va GlobUzCard – ikki to‘lov tizimining birgalikda faoliyat olib borishini ta’minlash talabi qo‘yildi. “Birgalikda faoliyat yuritish” tushunchasi ostida bir tizimning kartalarini boshqa tizim terminal tarmog‘iga qabul qilinishi nazarda tutilgan edi.

Foto: Logologika

Uzcard saytida ta’kidlanishicha, bir to‘lov tizimi kartalarini boshqa tizim tomonidan qabul qilinishini ta’minlash uchun axborot tizimlarining to‘liq majmuini ishlab chiqish talab etiladi. Jumladan:

˗ shifrlash va ma’lumotlarni uzatish jarayoni, turli to‘lov tizimlarining shifrlash kalitlarini saqlash va foydalanish, ikkala tizimni ham PCI-DSS axborot xavfsizligi standartlariga muvofiqlik bo‘yicha sertifikatsiyadan o‘tkazish;

˗ plastik kartalar emissiyasi bazasini yangilash va banklarning mavjud mijozlari uchun qaytadan kartalarni ishlab chiqarish;

˗ tizimning barcha jabxalarida, ya’ni kartochka chipidagi ilova va terminal qurilmasi dasturidan boshlab, ma’lumotlar bazalarini boshqarish tizimlari, moliyaviy o‘zaro hisob-kitoblar uchun ma’lumotlarni shakllantirish va saqlashgacha dasturiy ta’minotni oxiriga yetkazib qo‘yish va qayta sozlash;

˗ to‘lov tizimlarining barcha ishtirokchilari va foydalanuvchilarining turli darajalardagi o‘zaro hamkorlikdagi faoliyati uchun aloqaning yangi kanallarini qurish;

˗ elektron tijorat, jumladan, mobil ilova va elektron to‘lovlar portallari orqali hisob-kitoblarni amalga oshirish mexanizmlarini qayta ishlab chiqish va o‘zgartirish

˗ hamkorlikda ish olib borishning iqtisodiy samaradorligini hisoblab chiqish hamda tegishli narx siyosatini ishlab chiqish va muvofiqlashtirish.

Sayt ma’lumotida qayd etilishicha, “O‘zining faoliyatidagi protsessing markazi bo‘lmagani, hali biron bir karta chiqarilmagani va terminal o‘rnatilmagani sababli GlobUzCard tizimi uchun yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan vazifalarni bajarish qiyinchilik tug‘dirmasligi mumkin”.

UZCARD tizimida esa allaqachon qariyb 20 mln. karta va 230 mingta terminal uskunasi ish olib bormoqda.

“UZCARD tizimi ishtirokchilari va foydalanuvchilari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro mustahkam munosabatlarning o‘zgarishi uning ish faoliyatida to‘xtalishlar bo‘lishi ehtimoli va pirovardida foydalanuvchilarning asosli noroziliklarini yuzaga kelishini e’tibordan chetda qoldirmagan holda, tizimni tubdan qayta qurish zaruratini keltirib chiqaradi. Qolaversa, ushbu jarayon mablag‘ va intellektual jihatdan sezilarli darajadagi sarf-xarajatlarni talab qiladi”, deyiladi ma’lumotda.

“Shu tariqa, ikki tizimning birgalikda faoliyat olib borishini ta’minlash talabi bir tomondan bir oydan ko‘ra ancha ko‘p vaqt talab qilsa, boshqa tomondan tizimga shoshma-shosharlik va yaxshi tayyorlanmasdan o‘zgartirish kiritilishi jiddiy ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin”, deya ta’kidlaydi YUPM.

“GlobUzCard tizimi uning faoliyati uchun UZCARD tizimi resurslari talab qilinayotgan bo‘lsa, unga raqobatchi bo‘la oladimi? Foydalanuvchilarga muayyan bir foyda keltirmaydigan bo‘lsa, sarf-harajatlar evaziga ishlab turgan tizimni o‘zgartirib, boshqa logotip bilan yangi kartalarni ishlab chiqarishdan nima naf?”, deya savol tashlaydi YUPM.

Modomiki, GlobUzCard na to‘lovlarni boshqarish tizimi (protsessing markazi), na mijozlarning ma’lumotlar bazasi va na to‘lovlarni qabul qilish tarmoqlariga ega emas ekan, mazkur tizimlarning birgalikda faoliyat olib borishini qanday tashkil qilish mumkinligi tushunarsizligi qayd etiladi YUPM ma’lumotnomasida.

Latest from Blog