Foto: Interfax.uz

Uzbekistan Airways Hindistonga qatnovlarni kamaytirdi

/

Uzbekistan Airways Milliy aviakompaniyasi Hindistonda yuzaga kelgan epidemiologik vaziyat munosabati bilan 18-iyundan haftaning juma kunlari amalga oshirilayotgan Toshkent-Dehli-Toshkent yoʻnalishi boʻyicha aviaqatnovlarni bekor qiladi, deya xabar berdi aviatashuvchi matbuot xizmati.

Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq qabul qilindi.

Yoʻlovchilarga bekor qilingan qatnov aviachiptasi uchun pul mablagʻlarini qaytarib olish taklif etiladi.

Eslatib oʻtamiz, Uzbekistan Airways 5-martdan Hindistonga doimiy qatnovlarni qayta tiklagan, Toshkent-Dehli-Toshkent reysi haftasiga ikki marta — seshanba va juma kunlari amalga oshirilayotgan edi.

10-maydan boshlab Oʻzbekiston Hindistonga borishda COVID-19 bilan bogʻliq vaziyat yomonlashuvi sababli cheklovlar oʻrnatdi. Oʻzbekiston fuqarolari ushbu mamlakatga faqat xizmat safari, oʻqish va davolanishga, shuningdek diplomatlar va ularning oila aʼzolari borishlari mumkin.

Hindiston koronavirus bilan kasallanganlar soni boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinda qolmoqda. Mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirligining maʼlumotlariga koʻra, Hindistonda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 29,5 milliondan oshgan, 16 iyunda 67 208 yangi holat qayd etilgan.

Latest from Blog