Foto: Interfax.uz

UzAuto Motors o‘zining ilk yevroobligatsiyalarini London fond birjasida joylashtirdi

/

27-aprel kuni UzAuto Motors kompaniyasi London fond birjasida 300 mln dollar miqdorida 5 yillik muddatga RegS/144A formatidagi birinchi xalqaro yevroobligatsiyalarini joylashtirdi, deya xabar berdi Moliya vazirligi matbuot xizmati.

22−26-aprel kunlari xalqaro obligatsiyalarini muomalaga chiqarish boʻyicha roud-shou boʻlib otdi va Moliya vazirligi hamda UzAuto Motors vakillari tomonidan xorijiy investorlarga taqdimotlar qilindi va ularning tegishli savollariga javoblar berildi.

Roud-shou tadbiri doirasida AQSH, Yevropa, Rossiya Federatsiyasi va Osiyo mamlakatlarining 50 dan ortiq global institutsional investorlari ishtirokida telekonferensiya oʻtkazildi hamda 28 ga yaqin yirik xalqaro investorlar bilan yakkama-yakka uchrashuvlar tashkil etildi.

Investorlarning takliflariga asoslangan moliyaviy konsultantlar — anderrayterlarning tavsiyasiga koʻra, UzAuto Motors AJning boshlangʻich foiz stavkasi 5,375% atrofida etib belgilandi va London vaqti bilan soat 08:15 da buyurtmalar kitobi ochiq deb eʼlon qilingan.

Buyurtmalar hajmi London vaqti bilan soat 13:00 da 1,1 mlrd dollarni tashkil etdi. Shakllangan buyurtmalar hajmi va moliyaviy konsultant tahlillaridan kelib chiqib, foiz stavka 5,00−5,125 foizga tushirildi. AQSH bozorlari ochilgach, buyurtmalar hajmi oshishda davom etib, 1,4 mlrd dollar maksimal qiymatiga yetib bordi hamda bu oʻz oʻrnida foiz stavkalarni yana-da tushirish uchun imkoniyat yaratdi.

London vaqti bilan 15:00 da yakuniy foiz stavka va kupon qariyb 0,15% birlikka tushirilib, 4,85% etib belgilandi.

Xalqaro obligatsiyalar Buyuk Britaniya (37%), AQSH (14%), Germaniya (8%) va boshqa qator Yevropa (35%) va Osiyo (6%) mamlakatlarning qariyb 130 dan ortiq investorlari orasida taqsimlandi.

Shu bilan birga, mazkur investorlarning aksariyatini aktiv boshqaruvchilari va jamgʻarmalar (67%) tashkil qildi, banklar (23%) va sugʻurta hamda pensiya jamgʻarmalari (10%) orasida ham faol taqsimlandi.

“Oʻzbekiston korporativ emitentlari orasida chiqarilgan ilk xalqaro obligatsiyalarni UzAuto Motors AJ tomonidan muvaffaqiyatli joylashtirilishi investorlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida olib borilayotgan islohotlar, shu jumladan, davlat korxonalarini isloh qilish dasturi amalga oshirilishi ijobiy baholanganligidan dalolat beradi”, — deyiladi xabarda.

Latest from Blog