UzAuto Motors Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining qaroridan norozi

UzAuto Motors Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining qarori ustidan Toshkent shahar maʼmuriy sudiga shikoyat qildi. Oldinroq, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining maxsus komissiyasi tomonidan kompaniyaga asossiz oshirilgan narxlarni bekor qilib, avtomobillarni kamaytirilgan narxlarda sotish boʻyicha koʻrsatma berilgan edi.

UzAuto Motors Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining qarori ustidan Toshkent shahar maʼmuriy sudiga shikoyat qildi. Bu haqda deputat Rasul Kusherboyev oʻz Telegram-kanalida xabar berdi.

Sudda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasidagi maxsus komissiyaning “UzAuto Motors” AJdan yengil avtomobillar narxining asossiz oshirilgan qismini tushirish va ortiqcha olingan mablagʻni isteʼmolchilarga qaytarish toʻgʻrisidagi qarori koʻrib chiqiladi.

Xabarda yozilishicha, sud 2-oktabr kuni Toshkent shahar maʼmuriy sudi binosida boʻlib oʻtishi kutilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, iyul oyi oxirida deputatlar tomonidan UzAuto Motors “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun talablariga rioya qilayotganligini tekshirish maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisiga deputatlik soʻrovi yuborilgan edi. 19-avgust kuni esa Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining maxsus komissiyasi tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvlar kompaniya avtomobil narxlarini 3 mln soʻmdan 19 mln soʻmgacha asossiz oshirganini tasdiqlagan, narxlarning asossiz oshirilgan qismlarini bekor qilib, avtomobillarni kamaytirilgan narxlarda sotish boʻyicha koʻrsatma bergan edi. Shuningdek, mart oyidan buyon, yaʼni yangi asossiz oshirilgan narxlarda avtomobillarni sotib olgan mijozlar bilan qayta hisob kitob qilish topshirigʻi berilgan edi.

UzAuto Motors esa bunga javoban “avtomobillar narxi asosli va hozir narxni pasaytirish imkonsiz” deya javob qaytargan edi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog