Uyimni sotib pulini Ahmadboyga bergandim, endi ijarama-ijara yuribman – jabrlanuvchi

Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyat sudida Ahmadjon Tursunboyev (Ahmadboy) hamda uning olti nafar sherigi gumondor sifatida koʻrilayotgan ish boʻyicha sud eshituvi davom etmoqda. UZ24 sud majlisida Tursunboyev tashkil etgan «Chinoz halol chorva» va «Chinoz avto hamkor» firmalari faoliyatidan zarar koʻrgan jabrlanuvchilar koʻrsatmalarini keltirdi.

T. Fazlidinov sirdaryolik boʻlib, uning aytishicha, Ahmadboy haqida eshitib kelgan, lekin 4 yil mobaynida ishonmagan.

«Atrofimdagilar, tanish-bilishlarim u haqida koʻp gapiravergach, men ham pul topshirishga qaror qilgandim. 2016-yil 14-iyun kuni yashab turgan uyimni sotib, 24,5 ming AQSh dollar pulimni Ahmadboyga oʻz qoʻlim bilan oborib bergandim. Ertasiga, yaʼni 15-iyun kuni Ahmadboy qoʻlga olindi, degan xabar tarqaldi. Ular 24,5 ming dollar pulimni 62 ming dollar qilib qaytarishni aytishgandi. Hozirda oilam bilan Yangiyoʻl shahrida ijarama-ijara yashab yuribman», degan u.

Toshkent viloyati Oʻrtachirchiq tumanilik E. Ataxadjayevning aytishicha, u 2015-yili kartoshka ekkan, lekin kartoshka juda arzon boʻlib ketgani sababli bankrot boʻlgan. Shundan keyin Ahmadboy haqida, u berilgan pullarni ortigʻi bilan qaytarishi haqida eshitgan.

Uning soʻzlariga koʻra, 2016-yil iyun oyida qaynotasining «Lasetti» rusumli mashinasini sotib, 5 ming AQSh dollar miqdordagi pulni Ahmadboyga olib borib bergan. Ular 5 mingni 10 oyda 12 ming qilib beramiz, deyishgan. Lekin hali bir marta ham pulini olmasdan, Ahmadboy ushlangan.

«Toshkent viloyati Oqqoʻrgʻon tumanida yashayman. Uyda 7 bosh qoramol boqardim. Bir kuni Baxt ismli yigit mahallamizga kelib, agar pullaringizni, mollaringizni Ahmadboyga topshirsangiz, sizlarga koʻpaytirib qaytaradi, degan gaplarni aytdi. Men unga ishondim va qoramollarni topshirdim. Yana bir kun kelib, hovlida turgan «Matiz» avtomobilini ham topshirishimni aytdi. Mashinaga qoʻshib tilla taqinchoqlarimni ham 6 ming dollarga baholab, oʻzi olib chiqib ketdi. Meni ortimdan qizim ham ikki bosh qoramolini, tillalarini, sotgan uyini pulini oʻsha yigitga topshirdi. Mana endi hech nimasiz qoldik», deydi S.Safarova.

Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanilik K.Rahimov esa «Ahmadboyning ofisini bankka oʻxshatgan».

U Yangiyoʻl tumanidagi Xalqobod qoʻrgʻonida qoʻy boqish bilan shugʻullangan. Bir kuni Dilmurod ismli bola kelib, qoʻylarini yanada koʻpaytirib berishga vaʼda berib, 11 ta qoʻyni olib ketgan.

«Avvaliga ishonqiramay, qoʻy boqiladigan joylarni oʻz koʻzim bilan borib koʻrib keldim. Hammasi badastr, joyida edi. Keyin Ahmadboyning Chinozdagi ofisiga ham bordim, u yerda bir necha kassalar qilib qoʻyilgan, odamlar kirib-chiqib, kelib-ketyapti ekan. Men u yerni bankka oʻxshatdim. Barcha sharoitlar yaratilgan edi, har qanday odam qonuniyligiga ishonadigan darajada edi. Qoʻlimda 700 AQSh dollar pul bor edi, uni topshirdim, qoʻlimga chekka oʻxshash qogʻoz berishdi va har oyda pulingizni foizi bilan olasiz, deyishdi. Shunda keyin ishonchim yanada ortib, 3 ming dollar pulni yana olib borib berdim. Oʻshanda 2016-yil aprel, may oylari edi. Biroq iyun oyi oʻrtalarida Ahmadboy qoʻlga olindi-yu, qoʻy va pullarimni qaytarib ololmadim», deya koʻrsatma bergan u.

Sirdaryo viloyati Xovos tumanilik 2-guruh nogironi boʻlgan ayolning aytishicha, uning turmush oʻrtogʻi ogʻir betob boʻlib qolgan. Uni Hindistonda operatsiya qildirmoqchi boʻlib, pul zarur boʻlgani uchun uyini 18 ming dollarga sotgan. Lekin bu pul operatsiya uchun kamlik qilishini, jami 25-30 ming dollar kerakligini aytishgan.

«Shu paytlarda (2016-yil) bozorda odamlardan Ahmadboy haqida eshitib qoldim. Unga pulingni bersang, senga ikki barobar qilib qaytaradi, deyishdi. Odamlarning gapiga ishonib, Ahmadboyni qidirib Chinozga bordik. U yerda odamlar juda koʻp edi, uzun navbatlar bor edi. Men bir ayolni toʻxtatib, «bu kishi ishonchlimi, aldamaydimi», deb soʻradim. U esa ishonchli deb tasdiqladi. Shuningdek, inkassatsiya mashinasi ham kirib-chiqib yurganini koʻrdim. Shunda men demak, ishonchli ekan, davlatga soliq toʻlar ekan deb oʻyladim. Oʻzi bilan uchrashmoqchi edim, biroq meni qoʻyishmadi. Shundan keyin Olmos degan kishiga uchradik. U bilan erim chiqisha olmadi, keyin Murodjon degan yigitga uchradik (Shu payt guvohdan sudlanuvchilar ichida Olmos va Murod ismli shaxslar bormi deb soʻraldi, guvoh ularni koʻrsatdi — tahr.) va unga 16,5 ming dollar pulimizni berdik. Shundan soʻng bir martagina 2 700 dollar pul oldik, Ahmadboy qoʻlga olingach, qolgan 13800 dollar pulimizni ololmadik. Sudlanuvchilardan daʼvoim yoʻq, pullarim qaytarib berilsa boʻldi», deydi u.

Sirdaryolik T.Shodiyev Rossiyada ishlayotgan qaynukasi joʻnatgan pullardan 2 700 dollarni Ahmadboyga topshirgan. Unga 10 oyga deb bersangiz, pulingizga 10 foiz qoʻshiladi, deyishgan. Uning aytishicha, birinchi pulini 20-iyulda olishi kerak boʻlgan, lekin Ahmadboy 15 iyunda ushlangan.

Eslatib oʻtamiz, Ahmadjon Tursunboyev Jinoyat kodeksining toʻrt moddasi boʻyicha ayblanmoqda: 177-moddaning (valyuta qimmatliklarining noqonuniy xarid qilinishi yoki sotilishi) «a», «b» bandlari, 188-modda (Davlat roʻyxatidan oʻtmay tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanib, oʻta yirik miqdorda nazoratsiz daromad olish), 189-modda (Savdo va xizmat koʻrsatish qoidalarini buzish), 190-moddaning (Litsenziyasiz faoliyat bilan shugʻullanish) «a», «v» bandlari.

Ahmadjon Tursunboyev va uning sheriklari 2016-yilning iyun oyida Chinoz tumanida qoʻlga olingan edi. U odamlardan yiliga kamida 100 foizlik dividend toʻlash, yaʼni ikki barobar qilib qaytarishni vaʼda qilib, juda katta omonat mablagʻlarni milliy va xorijiy valyutada qabul qilish bilan noqonuniy ravishda shugʻullanib kelgan. Shuningdek, u foizlik ustama toʻlash sharti bilan aholiga xorijiy valyutada qarz berib kelgan.

Tekshiruvlar davomida Ahmadjon Tursunboyevning uyi va korxonasida 13 mlrd 139 mln soʻm va 7 mln 900 ming AQSh dollari miqdoridagi mablagʻ va Cadillac Escalade, BMW, Lexus kabi qimmatbaho avtomashinalari mavjudligi aniqlangan.

Latest from Blog