Ukraina oʻz elchisi Igor Kizimning mashinasi chegarada tintuv qilinganligi sababli tushuntirishlar berishini soʻrab, Belarusga nota yubordi. Bu haqda “Ria.ru” sayti xabar berdi.

Avvalroq, Ukraina tashqi ishlar vazirligi Minskdan oʻz elchisini Belarus bilan kelgusidagi istiqbolli aloqalar boʻyicha maslahatlashish uchun chaqirib olgan edi. Shundan soʻng, Kizim 5-sentabr kuni Minskga qaytib keldi. Lekin u chegarani kesib oʻtayotganida mashinasining yukxonasi va shaxsiy buyumlari tintuv qilingan. Elchi esa 27 yil davomida diplomat sifatida ishlaganida bunday munosabatni uchratmaganini aytgan.
Oʻz navbatida, Belarus chegarachilari bu ayblovlarni rad etib, ular faqat avtoulov tekshiruvi oʻtkazganliklarini taʼkidlashgan.
TIV maʼlumotlariga koʻra, Ukraina Belarusdagi diplomatik vakolatxonasi rahbariga nisbatan qilingan bu ish doʻstona emas deb hisoblamoqda.