Ucell, Uzmobile, Beeline… Surxondaryoda aloqa sifati monitoring qilindi

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hududlar kesimidagi aloqa sifati monitoring kuzatuv ishlarini Surxondaryo viloyatida olib bordi. Federatsiya maʼlumotiga koʻra, monitoring natijalari quyidagicha:

Foto: Sputnik

“Termiz shahar

Viloyatning qoq markazi hisoblangan ushbu shaharda “harqalay aloqa yaxshidir” deb oʻylasangiz, afsuski adashasiz. Ayniqsa siz PERFECTUM foydalanuvchisi boʻlsangiz! Chunki ushbu kompaniya Termiz shahar aholisini chetlab oʻtgan shekilli, umuman ishlamaydi.

UCELL esa yoʻqdan koʻra bor.

Shahar aholisining 90 foizi MOBIUZ dan foydalanishsa kerak, degan taxmindamiz, sababi yagona shu kompaniya barcha mahallalardagi mijozlariga aʼlo darajada xizmat koʻrsatib kelmoqda.

UZMOBILE va BEELINE esa, 37 ta mahallaning 10 tasiga boʻy koʻrsatishni xohlamaydi.

Boysun tumani

MOBIUZ, BEELINE va UCEll kompaniyalari kelishib olgandek 20 ta mahallaning 13 tasiga xizmat koʻrsatishdan bosh tortgan koʻrinadi. Umuman ishlamaydi. Ammo boysunliklar bundan xafa emas, chunki UZMOBILE va PERFECTUM korlariga yarab turibdi.

Denov tumani

Tabriklaymiz! 101 ta mahalladan iborat boʻlgan ushbu ulkan tumanda barcha mobil aloqa kompaniyalari aʼlo darajada ishlar ekan.

Termiz tumani

Agarda siz UZMOBILE, MOBIUZ yoki BEELINE mobil operatori foydalanuvchisi boʻlsangiz, ushbu tumanga borishingizni maslahat bermaymiz. Sababi bu kompaniyalarning ishlash sifati oʻta sust.

Oltinsoy tumani

Tumanga tashrif buyurishdan oldin avvalo, UZMOBILE sim kartasini xarid qilib olganingiz maʼqul, chunki bu hududda faqatgina ushbu mobil operatori ishlash darajasi yuqori. Qolganlari haminqadar.

Sariosiyo tumani

Ushbu tumanning mobil aloqalari faoliyatini havas qilarli deb ayta olmaymiz.

PERFECTUM 61 ta mahallaning yarmiga yaʼni, 29 tasigagina sifatli xizmat koʻrsatadi, qolgan 32 ta mahallada umuman mavjud emas.

MOBIUZ va BEELINE aloqa operatori antennasini esa, “Nilu”, “Xonjiza”, “Chosh”, “Maland”, “Doʻstlik”, “Subxidam”, “Sargardak”, “Bogʻisamarqand” va “Daragiston” mahallalaridan daragini topa olmaysiz.

Uzun tumani

Tuman 44 ta MFY dan iborat boʻlib, shundan 32 tasida PERFECTUM aloqa operatori mavjud emas.

Toltugʻay”, “Oqmachit”, “Yangiobod”, “ Bobotogʻ ”, Xoʻjaqulsin” kabi mahallarda MOBIUZ, BEELINE, UCELL aloqaga chiqmaydi, qolganlarida ishlab turibdi.

Sherobod tumani

UZMOBILE aloqa operatorining bu tumanda oshigʻi olchi. 48 ta mahallaning barchasiga birdek xizmatda. Qolgan kompaniyalar sifati talabga javob bermaydi.

Jarqoʻrg’on tumani

66 ta mahallani oʻz ichiga olgan ushbu tumanda PERFECTUM aloqa operatorining sifati nisbatan yaxshi. Boshqa kompaniyalar aloqasi maqtanarli darajada emas. Misol uchun:

MOBIUZ 22 ta, BEELINE 18ta, UCELL 11 ta MFY (mahalla fuqarolar yigʻini) da umuman ishlamaydi.

Angor tumani

Tuman aholisi barcha kompaniya xizmatidan bahramand. Faqatgina, “Ulugʻbek” MFY da UZMOBILE kompaniyasi yaxshi ishlamaydi.

Aloqa kompaniyalari Surxondaryo eliga ham yaxshi xizmat koʻrsatishidan umid qilib qolamiz”, deyiladi federatsiya xabarida.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog