Foto: “Tdh.gov.tm”

Turkmaniston prezidenti parlament yuqori palatasining raisi etib saylandi

/

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov yangi ikki palatali parlament — Milliy kengashning Xalq maslahati palatasi raisi etib saylandi. Bu haqda Turkmaniston davlat axborot agentligi xabar bermoqda.

Berdimuhamedov ushbu lavozimga yuqori palataning 14-aprel kuni bo‘lib o‘tgan birinchi majlisi chog‘idagi yashirin ovoz berish yakunlari bo‘yicha saylandi.

“Men bu voqeani ulkan hurmat va butun xalq oldidagi katta mas’uliyat deb qabul qilaman”, — dedi prezident unga bildirilgan ishonchni oqlash uchun bor kuchini ishga solishga hamda palatalar va butun Milliy kengashning to‘laqonli faoliyati uchun har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga va’da berib.

Majlisni ochish chog‘ida Berdimuhamedov 2020-yil sentabrda bo‘lib o‘tib, konstitutsiyaviy komissiya tomonidan tayyorlangan Turkmanistonning Bosh qonuniga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar tasdiqlangan Xalq maslahati majlisining tarixiy ahamiyatini qayd etdi. Ularga muvofiq, “Turkmaniston Milliy kengashi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan, uning asosida esa mamlakatda ikki palatali parlament tuzilgan edi.

Yuqori palata majlisi chog‘ida, shuningdek, Xalq maslahati raisi o‘rinbosari ham saylandi va beshta qo‘mita tashkil etildi, bular — Inson huquqlari va erkinliklari qo‘mitasi, Iqtisodiyot, moliya va ijtimoiy siyosat qo‘mitasi, Ilm-fan, ta’lim, raqamli tizim, sport va madaniyat qo‘mitasi, Mintaqaviy rivojlanish, atrof-muhitni asrash va agrosanoat siyosati qo‘mitasi hamda Xalqaro masalalar qo‘mitasi.

Yangi parlamentning faoliyati boshlanishiga atab Xalq maslahati apparati binosi ochildi. Balandligi 31,36 metr va uzunligi 112 metr bo‘lgan majmua maydoni 6,39 gektar bo‘lgan hududda joylashgan.

Latest from Blog