/

Turkiyadan O‘zbekistonga import qilingan urug‘larda virus aniqlandi

Foto: CBS

Turkiyaning Bursa hududidan O‘zbekistonga 2021-yilning 12-fevralidan boshlab pomidor va qalampir urug‘liklari eksporti uchun vaqtinchalik taqiq joriy etildi, deya xabar bermoqda “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi axborot xizmatiga tayanib O‘zA.

Bunga sabab mazkur hududda joylashgan Bursa Tohumculuk Ziraat ve Tic.A.S. korxonasidan O‘zbekistonga keltirilgan 85 kilogramm pomidor urug‘ida Pomidor jigarrang bujmayish virusi (Tomato brown rugouse fruit virus) aniqlandi.

Holat yuzasidan 2021-yil 11-fevralda O‘zbekistonga karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirishda belgilangan fitosanitariya talablari buzilganligi to‘g‘risidagi xabarnoma Turkiya davlatining o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha milliy tashkilotiga yuborildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunga qadar Turkiyaning vakolatli organidan “O‘zdavkarantin” inspeksiyasiga javob xati kelib tushmagan. Pomidor va qalampir mahsuloti urug‘ligiga qo‘yilgan vaqtinchalik cheklov O‘zbekistonning “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-fevraldagi qaroriga ko‘ra o‘rnatildi.

Inspeksiyaning ta’kidlashicha, import bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar ekish materiallari, ko‘chat hamda urug‘liklarni respublika hududiga olib kelish jarayonida O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasini oldindan xabardor qilishi maqsadga muvofiq. Bunda, mahsulot import qilingunga qadar eksportyor davlatning karantin xizmati bilan “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi mas’ullari bog‘lanib, mahsulot haqida batafsil ma’lumot to‘planadi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 4-dekabr kuni O‘zbekistondan Rossiyaga eksport qilingan quritilgan mevalarda zararli organizm aniqlangandi. Birozdan so‘ng Rossiya Farg‘ona viloyatidan barcha o‘simlik mahsulotlarini olib kirishni taqiqladi. Taqiqdan so‘ng “O‘zdavkarantin” Rossiyaning pomidorlarga qo‘yayotgan taqiqiga munosabat bildirdi.

Rossiya tomoni shu kabi taqiqlarni keyingi ikki hafta ichida Navoiy va Qashqadaryo viloyatida yetishtirilgan mahsulotlarga ham joriy etgan.

Shundan so‘ng Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Rossiyaga yuborilgan pomidordan chiqqan kasallik Farg‘onadagi birorta issiqxonada aniqlanmagani haqida ma’lumot bergan. Hokimning ta’kidlashicha, Rossiyaning vakolatli organlari tomonidan Farg‘onada yetishtirilgan barcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importiga qo‘yilgan taqiq viloyatga juda salbiy ta’sir ko‘rsatadi — taqiq olib tashlanmasa, “Farg‘onaga og‘ir bo‘ladi”.

Shuningdek, “Yuksalish” umummilliy harakati yetakchisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov Rossiya tomonidan Farg‘ona, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importiga qo‘yilgan taqiqqa munosabat bildirib, “bunday harakatlar… Jahon savdo tashkilotiga a’zolikni tezlashtirish lozimligini yana bir bor eslatayotgani”ni ta’kidlab o‘tgan edi.

“Rosselxoznadzor” 2020-yilning 21-dekabr kuni Rossiyaga Farg‘onadagi yettita korxonadan pomidor va qalampir olib kirishga hamda O‘zbekistondagi 34 ta korxonadan pomidor olib kirilishiga ruxsat berdi. Keyinchalik Rossiyaning O‘zbekiston pomidorlari importini taqiqlashga asos bo‘lgan tashxisi noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog