Turkiyada terakt uyushtirgan o‘zbekistonlikka 1368 yillik qamoq jazosi belgilandi

O‘zbekistonlik Abdulqodir Masharipov 2017-yilda Istanbulda terakt uyushtirib, 39 kishini o‘ldirgani uchun Turkiya sudi unga 40 ta umrbod qamoq jazosi belgiladi. Qo‘shimchasiga, u yana 1368 yilga ozodlikdan mahrum etiladi va muddatdan avval ozodlikka chiqish huquqi bo‘lmaydi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar berdi.

Masharipov-680x408
Foto: Anadolu Agency

Ushbu voqea 2017-yil 1-yanvar oqshomida Istanbuldagi Reina klubida bo‘lib o‘tgan. Teraktda Abdulqodir Masharipov otishma boshlab, 39 kishining hayotiga zomin bo‘lgan. Shuningdek, 65 kishi jarohatlangan. O‘shanda klubga hujum uyushtirish bo‘yicha javobgarlikni “Islom davlati” terroristik tashkiloti o‘z bo‘yniga olgan edi.

Masharipov teraktni sodir etib, kiyimlarini almashtirgan va klubdan qochayotgan olomonga qo‘shilib, voqea joyidan g‘oyib bo‘lgan. Hodisadan 2 hafta o‘tib u qo‘lga olingan edi.

Sud jarayonida Abdulqodir Masharipov o‘z aybini tan olmay, qiynoqlar va bosim ostida ko‘rsatma berganini va barmoq izlarini tekshirish bo‘yicha daʼvosi qondirilmaganligini aytgan.

Yakunda Turkiya sudi uni mamlakat konstitutsiyasini buzishda va 39 nafar odamni qasddan o‘ldirishda aybdor deb topdi va 40 ta umrbod qamoq jazosi belgiladi.

Shuningdek, sud Masharipovni 79 kishini o‘ldirishga qasd qilish va litsenziyasiz qurol olib yurishda aybdor deb topdi va 1368 yilga ozodlikdan mahrum etdi, qo‘shimchasiga, 375 ming lira jarimaga tortdi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog