/

Turkiyada 10 nafar sobiq admiral hukumatni tanqid qilgani uchun hibsga olindi

Turkiyada hukumatni tanqid qilgan sobiq admirallar (harbiy flotdagi oliy unvon sohibi) hibsga olindi, deb yozadi Reuters.

Anqara Bosh prokuraturasi iste’fodagi 10 nafar admiralga nisbatan hibsga olish orderi berilganini ma’lum qildi. Shuningdek, huquqni muhofaza qilish idorasi yana 4 nafar gumonlanuvchiga uch kun ichida o‘z ixtiyori bilan politsiyaga murojaat qilishini buyurib, gumon qilinuvchilarning yoshi katta bo‘lgani sababli ularni hibsga olmaslik to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ayni paytda hibsga olingan 10 kishining uylarida tintuv o‘tkazilmoqda. Ularning aybini isbotlaydigan dalillar musodara qilinadi.

Sobiq admirallarga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atishga 4-aprel kuni 104 nafar sobiq harbiy xizmatchi nomidan kelgan xat asos bo‘ldi. Xatda sobiq admirallar Turkiyaning Montryo konvensiyasidan chiqish ehtimolidan xavotirdaligi bayon qilingan.

1936-yilda imzolangan Montryo konvensiyasi mamlakatlar yuk kemalarining Bosfor va Dardanel bo‘g‘ozlaridan foydalanishini tartibga soladi. Bu Turkiyaga o‘z chegaralaridagi bo‘g‘ozlarni boshqarish huquqini beradi va ularga tinchlik davrida fuqarolik kemalarining kirishini kafolatlab, harbiy-dengiz kemalarining kirishini cheklaydi. Turkiya Istanbulning shimolidagi Qora dengizni janubdagi Marmara dengizi bilan bog‘laydigan ulkan kanal qurishni rejalashtirmoqda, bu konvensiya shartlariga ziddir.

Prokuratura admirallarning bayonotini Turkiya jinoyat kodeksining buzilishi deb topdi va ularni davlatning konstitutsiyaviy tuzumi va xavfsizligiga putur yetkazuvchi fitnada aybladi. Turkiya prezidentining matbuot kotibi Ibrohim Kalinning aytishicha, bayonotda hukumatni ag‘darishga qaratilgan harbiy fitna alomatlari mavjud.

Avvalroq Turkiya Gretsiya, Isroil va Yevropa Ittifoqiga norozilik notasini yuborgan edi. Unda aytilishicha, ushbu mamlakatlar tomonidan EuroAsia Interconnector loyihasi doirasida yaratilayotgan elektr tarmog‘i Turkiyaning suvli hududlaridan o‘tadi.Turkiya ushbu davlatlarning har qanday xatti-harakatlari faqat Anqaraning roziligi bilan amalga oshirilishi kerakligini bildirgan.

Latest from Blog