Foto: “Tccb.gov.tr”

Turkiya prezidenti Bosforni aylanib o‘tuvchi kanal qurilishini ochib berdi

/

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Qora va Marmar dengizlarini bog‘lovchi yangi Istanbul kanali qurilishiga start berdi.

“Biz bugun Turkiya rivojlanishi tarixidagi yangi sahifani ochyapmiz. Bugun biz mamlakatimizni rivojlantirishga yangi qadam qo‘yyapmiz”, — dedi Erdo‘g‘on.

Xususan, bo‘lg‘usi kanalni kesib o‘tuvchi birinchi ko‘prikning poydevori qo‘yildi. Kanal ochilishida so‘zga chiqib, Erdo‘g‘on loyihani amalga oshirish boshlanganini bildiruvchi ramziy tugmani bosdi.

Turkiya prezidenti ta’kidlashicha, katta kemalarning Bosfor bo‘g‘ozi orqali o‘tishi shahar uchun jiddiy xavfni yuzaga keltiradi: avariya ko‘plab insonlarning o‘limiga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, 2050-yilga kelib, bo‘g‘oz orqali o‘tadigan kemalar soni yiliga 78 mingtagacha yetishi mumkin, uning o‘tkazish qobiliyati esa aslida 25 mingtaga teng.

Yangi Istanbul kanalining uzunligi reja bo‘yicha 45 km, minimal kengligi — 275 m, chuqurligi — 21 metrga teng bo‘ladi. Loyihani olti yil ichida tugatish rejalashtirilmoqda. Uni amalga oshirishga taxminan 15 milliard dollar sarflanadi. Kanal Bosfordan 35 km g‘arbda, Istanbul xalqaro aeroporti yaqinida boshlanib, shahar chegarasida Marmar dengiziga chiqadi.

Istanbulning g‘arbiy qismida barpo etilib, Qora va Marmar dengizlarini birlashtiruvchi hamda kemalar qatnaydigan yangi aloqa yo‘li bo‘lishi kutilayotgan 45 kilometrli kanal loyihasi Erdo‘g‘on tomonidan 2011-yilda taqdim etilgan edi.

Erdo‘g‘onning so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyihaning amalga oshirilishi Turkiya megapolisining strategik ahamiyatini ko‘taradi, chunki kanal orqali o‘tadigan oltita ko‘prik, uning qirg‘oqlarida esa ikkita shahar quriladi, ular o‘z navbatida “Istanbulning qiyofasini bezaydi”.

14-aprel kuni Turkiya prezidenti Toyyib Erdo‘g‘on loyihalashtirilgan Istanbul kanali Montryo konvensiyasiga taalluqli emasligini e’lon qilgan.

1936-yilda imzolangan Montryo konvensiyasi mamlakatlar yuk kemalarining Bosfor va Dardanel bo‘g‘ozlaridan foydalanishini tartibga soladi. Bu Turkiyaga o‘z chegaralaridagi bo‘g‘ozlarni boshqarish huquqini beradi va ularga tinchlik davrida fuqarolik kemalarining kirishini kafolatlab, harbiy-dengiz kemalarining kirishini cheklaydi. Turkiyaning Istanbul shimolidagi Qora dengizni janubdagi Marmara dengizi bilan bog‘laydigan ulkan Istanbul kanalini qurish loyihasi aslida konvensiya shartlariga zid hisoblanadi.

Latest from Blog