Turkiya kompaniyasi sobiq «Chorsu» mehmonxonasi bazasida «Eski Shahar» turistik zonasini barpo etadi

Turkiyaning Demir Group kompaniyasi Toshkentning eski qismida «Eski Shahar» turistik zonasini barpo etadi. Loyihani amalga oshirish uchun kompaniya Inter Tourism qo‘shma korxonasini tashkil etdi.

Foto: uzbektourism.uz

O‘zbekiston Prezidenti 7-sentabrdagi qarori bilan uzoq yillardan buyon bo‘sh yotgan «Chorsu» mehmonxona majmuasining bino va inshootlarini «nol» qiymatda Demir Group kompaniyasiga sotish to‘g‘risidagi takliflarni tasdiqladi.

Demir Group tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan mehmonxona majmuasi va biznes markaz tashkil etish orqali mehmonxonani rekonstruksiya qilishni ko‘zda tutgan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi.

Turkiya kompaniyasi loyihaga ikki yil davomida 33 mln AQSh dollari miqdoridagi shaxsiy va O‘zbekiston hukumati kafolatisiz jalb qilinuvchi mablag‘larni jalb qilish hamda O‘zbekiston fuqarolari uchun eng kamida 350 ish o‘rnini yaratish majburiyatini oldi.

«Eski Shahar» turistik zonasi zamonaviy mehmonxona, savdo-ko‘ngilochar, sog‘lomlashtirish va sayyohlik majmualarini o‘z ichiga oladi.

Mehmonxona majmuasida xizmat ko‘rsatish darajasi to‘rt yulduzli mehmonxonalarnikidan kam bo‘lmasligi, uni boshqarishda xalqaro mehmonxona brendlaridan sheriklar jalb qilinishi, 270 ta xona, restoran, do‘konlar, SPA-salonlarga ega bo‘lishi, shuningdek obodoshlashtirilgan hududi zarur infratuzilmalar bilan ta’minlanishi lozim.

Inter Tourism QK hamda uning pudratchi va subpudratchilari loyihani amalga oshirish yakunlanishi rejalashtirilgan 2019-yilning 31-dekabriga qadar bojxona imtiyozlariga ega bo‘ldi. Turzona foydalanishga topshirilganidan so‘ng Inter Tourism yetti yil muddatga daromad, mol-mulk va boshqa soliq hamda majburiy yig‘imlardan ozod bo‘ldi.

«Eski Shahar» hududida tashkil etiluvchi tadbirkorlik obyektlari, hunarmandchilik ustaxonalari hamda madaniy-ma’rifiy, ma’naviy-diniy mahsulotlar va xizmatlarni sotuvchi do‘konlar ham uch yil muddatga qator soliq to‘lovlaridan ozod qilinadi.

Latest from Blog