Tramp saylov kampaniyasiga rekord darajadagi mablagʻ sarfladi

AQSH Prezidenti Donald Trampning saylovoldi shtab-kvartirasi, Respublikachilar partiyasi va boshqa tegishli qoʻmitalar 2017-yildan beri amaldagi davlat rahbarini qayta saylash uchun oʻtkazilgan kampaniyaga 1 milliard dollardan koʻproq mablagʻ sarflashdi. Bu esa oʻz navbatida, prezidentlik poygasining ushbu bosqichidagi rekord koʻrsatkich sifatida qayd etildi.

Bu haqda The Washington Post gazetasidagi tegishli moliyaviy hujjatlar tahlil qilingan maqolada maʼlum qilindi.

Nashrning taʼkidlashicha, Tramp 2017-yilda prezidentlik lavozimini egallashi bilanoq keyingi saylov kampaniyasi uchun mablagʻ yigʻa boshlagan.

Taqqoslash uchun: 2012-yilning avgustiga kelib, saylovlardan bir necha oy oldin, AQSHning 44-prezidenti Barak Obamaning shtab-kvartirasi va Demokratik partiya Milliy qoʻmitasi (DPMQ) oʻzining saylovoldi tashviqotiga 643 million dollar sarflagan.

Joriy yilning iyul oyida kampaniyalar uchun Tramp 165 million dollar, Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Jozef Bayden 140 million dollar xayr-yehsonlarini yigʻishga muvaffaq boʻlgan. Avgustga qadar amaldagi davlat rahbari kampaniyalar uchun 300 million dollar, asosiy raqibi esa 294 million dollar yiqqan.

Avgust oyida esa ehtiyojlar uchun Respublikachilar partiyasi 55,3 million dollar, Demokratik partiya Milliy qoʻmitasi 16,3 million dollar toʻplashga erishgan.

Shu bilan birga, demokratlarning qarzi 1,5 million dollarni tashkil etmoqda, respublikachilarning esa qarzlari yoʻq.

AQSHda umumiy saylov 3-noyabr kuni boʻlib oʻtadi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog