Tramp: AQSh koronavirus vaksinasi sotuvidan daromad qilish niyatida emas

AQSh prezidenti Donald Tramp Amerika kompaniyalari koronavirusga qarshi vaksinani ishlab chiqsa, mamlakatning uni xorijdagi boshqa davlatlarga pullab daromad qilmoqchi emasligini ma’lum qildi. U bu haqda maxsus brifingda aytgan, deyiladi The Independent xabarida.

Foto: BBC

Trampning so‘zlariga ko‘ra AQSh boshqa davlatlarga vaksinani muqobil narxlarda taklif qiladi, sababi vaksina ustida ishlayotgan kompaniyalarning maqsadi daromad ko‘rish emas.

“Odamlar javob topishni istamoqda, ular foyda ko‘rish haqida o‘ylayotgani yo‘q”, — degan Tramp.

Amerika yetakchisi koronavirusga qarshi vaksina birinchi bo‘lib Xitoyda ishlab chiqilsa ham, AQSh uni olish imkoniyatiga ega ekanini qayd etdi. Trampning aytishicha, bu borada ko‘plab mamlakatlar o‘zaro hamkorlikda ish olib bormoqda.

“Bu masalaga bir tomonlama yondashish noto‘g‘ri, hamma bir bo‘lib mehnat qilmoqda”, — degan u.

Tramp 100 dan ortiq potensial vaksina orasidan 14 tasi saralab olinganini bildirdi. U AQSh hukumatining vaksinani sinovdan o‘tkazish va undan foydalanishga tezroq ruxsat olish bo‘yicha jarayonni tezlashtirish uchun barcha kuchlar safarbar etilishini ta’kidladi. Shuningdek, AQSh nisbatan samarali prototiplarni ishlab chiqarishga investitsiya kiritishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

May boshida Tramp AQShda koronavirusga qarshi vaksinaning qachon paydo bo‘lishi haqida gapirgan va amerikalik olimlarning COVID-19 bilan kurasha oladigan vaksina 2020-yil oxirigacha yaratishini taxmin qilgan.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog