Toshkentdan Bishkekka aviaparvozlar soni oshiriladi

“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK Toshkent—Bishkek yoʻnalishidagi parvozlar sonini haftasiga ikkitadan toʻrttaga oshiradi. Bu haqda Qirgʻiziston transport va yoʻllar vaziri oʻrinbosari Gulmira Abdraliyeva Oʻzbekiston Davlat aviatsiya nazorat qoʻmitasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda maʼlum qildi, deb xabar berdi Milliy aviakompaniya matbuot xizmati.

Foto: wikimedia.org

“Biz Toshkent—Issiqkoʻl—Toshkent yoʻnalishi boʻyicha charter reyslari qayta tiklangani uchun Oʻzbekiston hukumati va aviatsiya idorasiga oʻz minnatdorligimizni bildiramiz. Bu Oʻzbekiston va Qirgʻiziston aviatsiya rasmiylarining oxirgi 9 yil mobaynidagi ilk uchrashuvidir.  Tashrifimiz davomida aviatashuvlar sohasida oʻzbek-qirgʻiz hamkorligini rivojlantiruvchi Bayonnomani imzolash maqsadidamiz”, dedi u.

Qirgʻiz tomoni Milliy aviakompaniya havo kemalariga xizmat koʻrsatishda imtiyozli sharoitlar taklif etdi. Shuningdek, “Oʻzbekiston havo yoʻllari”ga “Manas” aeroporti orqali Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi, AQSh va Janubi—Sharqiy Osiyo mamlakatlariga tranzit parvozlariga erkinlikning beshinchi darajasini taqdim etishga tayyorligini bildirdi.

Latest from Blog