Foto: YHXBB matbuot xizmati

Toshkentdagi YPX mashinalarida qoidabuzarliklarni aniqlovchi yangi qurilma sinovdan o‘tkazilmoqda

O‘zbekiston yo‘llarida YTHlarning oldini olish, qoidabuzarliklarga chek qo‘yish va harakatlanish xavfsizligini ta’minlash maqsadida YPX xodimlariga biriktirilgan xizmat mashinalarining tom qismiga maxsus qurilma o‘rnatilmoqda, deb xabar bermoqda YHXBB matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, qurilmaning old va orqa tomonida hamda yon tomonlarida kuzatuv kamerlari bo‘lib, transport vositasi to‘xtab turgan vaqtda ham, harakat vaqtida ham 360 darajaga ega bo‘lgan masofada haydovchilar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklarni aniqlaydi.

Ushbu qurilma o‘rnatilgan transport vositasi to‘xtab turganida va harakatlanganida o‘zi bilan bir yo‘nalishda va qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport vositalari haydovchilari tomonidan to‘xtash va to‘xtab turish, harakatlanish tezligini me’yoridan oshirish, svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga amal qilmaslik, qizil chiroqda to‘xtab turish chizig‘ini bosib turganlik qoidabuzarliklari va avtomobil raqami orqali qidiruvda ekani yoki yo‘qligini aniqlaydi.

Qurilma qoidabuzarliklarni onlayn qayd etadi va huquqbuzarning yashash manziliga jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror yuboradi.

Ta’kidlanishicha, ayni paytda yangi qurilma Toshkent shahrida sinovdan o‘tkazilmoqda. Sinov yakunlanganidan so‘ng respublikaning barcha hududlarida amaliyotda qo‘llash rejalashtirilgan.

Latest from Blog