Foto: Interfax.uz

Toshkentdagi tirbandliklarga shaxsiy transport va taksilarning ko‘pligi sabab qilib ko‘rsatildi

6-sentyabr, yangi oʻquv yilining birinchi kunida Toshkent koʻchalarida paydo boʻlgan uzun tirbandliklar orasida jamoat transporti ham qolib ketdi.

Poytaxt Transport boshqarmasi oʻz izohida tirbandliklarga shaharda yengil avtomobil va yoʻnalishsiz taksilar soni ortib ketganini sabab qilib koʻrsatdi. “Bu esa oʻz navbatida avtobus va yoʻnalishli taksilar oraliq vaqtining oshishiga olib keldi”, — deyiladi boshqarma xabarida.

Boshqarma “oʻquv mavsumining birinchi kunida yoʻnalishsiz taksi xizmatlariga boʻlgan katta talabdan ayrim haydovchilar koʻproq foyda olaman deb sunʼiy ravishda yoʻnalishsiz taksi xizmatlari narxini keskin oshirib yuborgan va aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlgan”ini tasdiqladi.

Xabarda shaharliklarga taksi chaqirish uchun mobil ilovadan foydalanish tavsiya qilindi — “bunda vaqtingizni va pulingizni tejaysiz”. “Shu bilan birga, jamoat transportida harkatlanishni rejalashtirish va kuzatish uchun moʻljallangan mobil ilovalar orqali kerakli transport yoʻnalishlarini onlayn tarzda kuzatish imkoni yaratilgan. Ushbu ilovadan foydalanib kerakli yoʻnalishning kelish vaqtini bilib, yoʻlingizni rejalashtirish orqali oʻz vaqtingizni tejashingiz mumkin”.

Transport boshqarmasi barcha avtobus saroylarida jamoat transporti yoʻlovchilar oqimining koʻpayishiga oldindan tayyorgarlik koʻrilgani, harakatlanuvchi tarkib sanitar va texnik koʻrikdan oʻtkazildi hamda dezinfeksiya ishlari olib borilganini maʼlum qildi.

Kechagi tigʻiz vaqtda 1397 ta harakat tarkibi, shu jumladan 850 ta avtobus va 547 ta mikroavtobus xizmat koʻrsatgan.

Bundan tashqari soat 7:30 dan 9:00 gacha metropolitenning Chilonzor metro yoʻnalishida 3 daqiqa, Oʻzbekiston yoʻnalishida 4 daqiqa va Yunusobod yoʻnalishlarida 7 daqiqalik oraliq masofa bilan metro poyezdlari harakatlangan.

Latest from Blog