Toshkentdagi supermarketning ehson qutisiga 50 ming dollar tashlab ketildi

“Korzinka.uz” supermarketlar tarmogʼi tomonidan oʼrnatilgan ehson qutilaridan jami 50 ming dollar solingan konvertlar chiqdi. Bu haqda tarmoq rahbari Zafar Hoshimov 29-aprel kuni Telegramdagi kanalida maʼlum qildi.

Zafar Hoshimovning taʼkidlashicha, tarmoq supermarketlariga oʼrnatilgan ehson qutilariga “saxiy xaridorlar asosan qaytimga olingan pullarini xayriya niyatida tashlab ketadi”. Ushbu ehson qutilariga tushgan barcha mablagʼlar saraton kasalligiga chalingan bolakaylarga yordam beruvchi “Ezgu amal” xayriya jamgʼarmasi hisobiga yoʼnaltiriladi.

“Qutilar toʼlganida korxonamiz xodimlari va mutassaddilari jamgʼarma hamda jamoatchilik vakillari bilan birga ularni ochib, pullarni sanab, jamgʼarma hisob raqamiga topshiradi. Bugun navbatdagi qutini ochib, pullar sanalib taxlanayotganida, qutidan 10 dan ortiq oq konvert chiqdi. Ochib qarasak, konvertlardan jami 50 ming dollar pul bor ekan”, deb yozadi Zafar Hoshimov.

Supermarketlar tarmogʼi rahbari oʼz postini shunday soʼzlar bilan yakunlagan: “Ogʼir kasalga chalingan bolakaylarga Ramazon oyining tabarruk kunlarida shunday goʼzal ehson qilgan nomaʼlum inson amali ezgulik, olijanoblik va muqaddas Ramazon hislatlariga boʼlgan ishonchimizni yana-da orttirdi. Pullar ayirboshlanib, jami 564 120 000 soʼm jamgʼarmaga yuborildi”.

Latest from Blog

Microsoft Xitoyda LinkedInni yopadi

Microsoft kompaniyasi LinkedInʼning Xitoy foydalanuvchilari uchun 2014-yilda ishga tushirilgan mahalliy versiyasini yopayotganini eʼlon qildi. Kompaniya olimlar